Turkiyaning OYAK kompaniyasi Oʻzbekistonda agrokimyo majmuasini ochadi
Turkiyaning OYAK guruhi 2027 yilda Toshkentda agrokimyoviy moddalar ishlab chiqarish boʻyicha maydoni 100 gektar boʻlgan Hektas Asia kompleksini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Turkiyaning OYAK kompaniyasi Oʻzbekistonda agrokimyo majmuasini ochadi
Turkiyaning OYAK sanoat guruhi 2027 yilda Oʻzbekistonda agrokimyo mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha yirik majmuani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Hektas Asia LLC loyihasi Toshkentdagi Oʻzbek-turk sanoat zonasida maydoni qariyb 100 gektar boʻlgan korxona qurilishni nazarda tutadi.
Turkiye Today nashrining OYAK bosh direktori Murat Yalchintash bayonotiga tayanib yozishicha, loyiha turk, oʻzbek va omon kapitali ishtirokida amalga oshirilmoqda. Hamkorlikda UzOman Investment Company investitsiya kompaniyasi ham ishtirok etmoqda.
Korxonada agrokimyoviy moddalar va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish va logistika infratuzilmasini nafaqat ichki bozorga, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga eksport qilishga ham yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Yalchintashning soʻzlariga koʻra, loyiha mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini mustahkamlash, agrokimyo mahsulotlarining mintaqaviy yetkazib berilishini kengaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. U shuningdek, Turkiya biznesining Oʻzbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlariga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi.
OYAK раҳбари Hektas Asia'ga kiritilgan investitsiyalar guruhning turkiy mamlakatlarda uzoq muddatli ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va Markaziy Osiyodagi ishtirokini kengaytirish strategiyasiga mos kelishini taʼkidladi.
Bir vaqtning oʻzida OYAK Markaziy Osiyo va Kavkazda sanoat hamda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun investitsiya infratuzilmasini shakllantirishda ishtirok etmoqda.
Xususan, Xitoy suveren boylik jamgʻarmasi, Omon Investitsiyalar boshqarmasi, Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda OYAK ishtirokida Markaziy Osiyo va Kavkazda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi tashkil etildi.
Yalchintashning baholashicha, ushbu mexanizm mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalariga uzoq muddatli kapitalni jalb qilish imkoniga ega.

