Turkiyalik hakam dengizda cho‘kib vafot etdi

Turkiyalik sobiq futbolchi va hakam Hoqon Ergin 34 yoshida Zonguldak yaqinidagi dengizda cho‘kib vafot etdi. Bu Turkiya futbolida qayg‘uli voqea bo‘ldi.
Voqea tush paytida Uzumkum sohilida yuz bergan. Mahalliy hokimiyat kuchli to‘lqinlar tufayli dengizda cho‘milishni taqiqlagan edi. Ogohlantirishlarga qaramay, Ergin dengizga kirgan va tez orada ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.
Hodisa haqida xabar berilgach, qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib kelishgan. Ular 34 yoshli Hoqonni dengizdan olib chiqib, sohildagi tez yordam xodimlariga topshirishgan. Ergin tez yordam mashinasida Otaturk nomidagi shifoxonaga olib borilgan, ammo shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hoqon Ergin futbolchilik faoliyatini tugatgandan so‘ng hakamlik bilan shug‘ullangan.
Avvalroq, Ugandaning eng ko‘p sovrin yutgan klubi — “Villa” sardori Devid Ovorining Kampala shahridagi uyi yaqinida hujumga uchrab halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

