Turkiyadagi maktabda nomaʼlum shaxs otishma uyushtirdi (video)

Turkiyadagi maktabda nomaʼlum shaxs otishma uyushtirdi (video)
Turkiyada noma’lum shaxs 22-sentyabr kuni Manisa provinsiyasidagi maktabda otishma sodir etdi. Hujum natijasida bir nafar o‘quvchi halok bo‘lgani, to‘rt kishi jarohatlangani bildirildi. Hodisa ertalab soat 08:00 lar atrofida Turgutlu tumanidagi maktabda yuz bergan. Noma’lum gumondor maktab tashqarisida tartibsiz ravishda o‘q uzgan.
Favqulodda chaqiruvdan keyin voqea joyiga ko‘plab politsiya xodimlari va tibbiy brigadalar yuborilgan. Jarohatlanganlar Turgutlu davlat shifoxonasiga olib ketilgan. Politsiya piyoda qochib ketgan shaxsni qo‘lga olish uchun operatsiya boshlagan.
Bu yil Turkiyada maktablarda yuz bergan ikkita otishma jamoatchilik e’tiborini tortdi. 15-aprel kuni Qahramonmarash provinsiyasida 14 yoshli o‘quvchi o‘z maktabida o‘t ochdi. Oqibatda to‘qqiz nafar o‘quvchi va o‘qituvchi halok bo‘ldi, yana 13 kishi yaralandi. Hujum qilgan shaxs politsiya tomonidan otib o‘ldirildi. U qurolni maktab binosiga sumkasiga yashirgan holda olib kirgan.
Bundan bir kun oldin esa qo‘shni Shonliurfa provinsiyasidagi maktabda sobiq o‘quvchi otishma uyushtirishi oqibatida 16 kishi, asosan o‘quvchilar, yaralangan. Hujum qilgan shaxs 17-18 yoshlardagi o‘smir bo‘lgan. U o‘rta maktab hududiga uzun stvolli qurol bilan kirgan.

