Siyosat

Turkiyada 3,5 mingga yaqin KIP tarafdori ozod qilinishi mumkin

Turkiya parlamenti taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) jangchilari uchun muayyan shartlarga bog‘langan cheklangan amnistiya to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Hujjat KIPning sobiq a’zolariga tinch hayotga qaytish imkonini beruvchi mexanizmni nazarda tutadi. Dastlabki bosqichda 3,5 mingga yaqin mahbus ozod qilinishi mumkin.

Turkiyada 3,5 mingga yaqin KIP tarafdori ozod etilishi mumkin

Turkiya parlamenti 10-avgust kuni taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a’zolari uchun cheklangan va muayyan shartlarga bog‘liq amnistiyani nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Ovoz berishda 468 nafar deputat qonunni qo‘llab-quvvatladi, 88 nafari qarshi ovoz berdi, olti nafari betaraf qoldi.

AFP agentligining xabar berishicha, yangi qonun KIP a’zolariga qurolli faoliyatdan voz kechib, Turkiyada tinch hayotga qaytish imkonini beruvchi huquqiy mexanizmni yaratadi. Hujjatga ko‘ra, ayrim jinoyatlar bo‘yicha jinoiy ta’qib va tayinlangan jazolarning ijrosi besh yildan o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin. Agar shaxs ushbu davr mobaynida yangi jinoyat sodir etmasa, unga nisbatan olib borilayotgan tergov tugatiladi, tayinlangan jazo esa o‘talgan deb hisoblanadi. Biroq, qotillik kabi og‘ir jinoyatlarga aloqador shaxslar ushbu tartibdan foydalana olmaydi.

Turkiya deputatlari ma’lumotlariga ko‘ra, qonunni amalga oshirishning birinchi bosqichida mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan KIPning qariyb 10 ming nafar sobiq tarafdoridan taxminan 3,5 ming nafari ozod qilinishi mumkin. Shu bilan birga, amnistiya shartlari avtomatik ravishda kuchga kirmaydi. Avvalo, Turkiya xavfsizlik idoralari KIP va unga bog‘liq tuzilmalar tarqatilgani hamda ular qurollarini topshirganini tasdiqlashi kerak. Ushbu xulosa Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan ma’qullanishi va rasmiy nashrda e’lon qilinishi lozim.

Yangi qonunda Kurdiston ishchilar partiyasi asoschisi Abdulla O‘jalanning kelgusi taqdiriga oid alohida qoida belgilanmagan. O‘jalan 27 yildan buyon qamoqda saqlanmoqda. KIP vakillari esa uni ozod qilmasdan turib, qonunning ko‘plab qoidalari kutilgan natijani bermasligini bildirgan.

Qonun loyihasini prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi deputatlari, uning ittifoqchisi – Millatchi harakat partiyasi hamda kurdparast muxolifatdagi DEM partiyasi vakillari qo‘llab-quvvatladi. Turkiya prezidenti ma’muriyati qonun qabul qilinishini «terrorizmsiz Turkiya» maqsadini amalga oshirish yo‘lidagi «muhim signal» sifatida baholadi. Prezident ma’muriyati buni «tarixiy qadam» deb atab, qaror mamlakatda tinchlikni, shuningdek, jamiyat birligi va davlat yaxlitligini mustahkamlashga xizmat qilishi kerakligini bildirdi.

Abdulla O‘jalan Kurdiston ishchilar partiyasiga 1978-yilda asos solgan. Keyinchalik tashkilot kurdlar huquqlari va dastlab mustaqil Kurdiston tashkil etish maqsadini ilgari surib, Turkiya davlatiga qarshi qurolli kurash yo‘lini tanlagan. AFP ma’lumotiga ko‘ra, 1984-yildan boshlangan KIP va Turkiya armiyasi o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarda kamida 50 ming kishi halok bo‘lgan. 2013-yilda tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilingan, ammo 2015-yil yozida tinchlik jarayoni barbod bo‘lgan.

2025-yil fevralida Imrali orolida jazo o‘tayotgan O‘jalan KIPni qurolni topshirish va o‘zini o‘zi tarqatishga chaqirgan. Oradan uch oy o‘tib, KIP rahbariyati tashkilot tarqatilishi va Turkiya davlatiga qarshi ko‘p yillik qurolli kurash to‘xtatilishini e’lon qilgan. 2025-yil iyulida qurolsizlanish jarayoni boshlangan. Oktyabr oxirida KIP o‘z qurolli tuzilmalarini Turkiya hududidan olib chiqishini, noyabrda esa Iroq shimolidagi Turkiya bilan chegaradosh hududdan ham chekinishini ma’lum qilgan.

Kurdiston ishchilar partiyasi Germaniyada 1993-yildan buyon ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan. AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya esa KIPni terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi.