Turkiya Rossiya portlaridan neft xaridini qisqartirdi
Turkiya iyul oyida Rossiya portlari orqali yetkazib beriladigan neft xaridini kamaytirdi va avgustda importni yana qisqartirishi kutilmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bunga Ukraina dronlari hujumlari oqibatida Rossiyaning Qora dengizdagi neft terminallaridan eksportda uzilishlar yuzaga kelgani sabab bo‘lgan.

Turkiya iyul oyida Rossiya portlaridan neft xaridini sezilarli darajada kamaytirdi va avgust oyida ham bu tendensiyani davom ettirishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Reuters.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida Ukraina Rossiyaning Qora dengizdagi neft infratuzilmasiga dron hujumlarini kuchaytirgan. Bu Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) terminalidan neft eksportining bir haftaga to‘xtashiga va Novorossiysk portida yuklash ishlarining beqarorlashishiga olib kelgan. Natijada, iyul oyida KQK terminali orqali tankerlarga yuklangan neft hajmi qariyb 20 foizga kamaygan.
Turkiya CPC Blend, Qozog‘istonning KEBCO va Urals markali neftning asosiy xaridorlaridan biri hisoblanadi. Iyul oyida mamlakat Rossiya portlaridan jami 900 ming tonnaga yaqin neft qabul qilgan bo‘lsa, iyun oyida bu ko‘rsatkich 1,2 million tonnani tashkil etgan.
LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyidagi umumiy hajmning 300 ming tonnadan sal ko‘prog‘i Qora dengiz portlari orqali Turkiyaga yetkazib berilgan. Iyun oyida esa ushbu yo‘nalishdagi yetkazib berishlar 600 ming tonnani tashkil etgan, ya’ni Qora dengiz portlaridan Turkiyaga neft yetkazib berish bir oy ichida qariyb ikki baravar kamaygan.
Avgust oyida pasayish davom etishi kutilmoqda. LSEG hisob-kitoblariga ko‘ra, Turkiya Rossiyaning Qora dengiz portlaridan taxminan 200 ming tonna neft qabul qilishi mumkin. Ikki tankerda Qozog‘istonning KEBCO markali nefti yetkazib berilishi taxmin qilinmoqda. Ayni paytda CPC Blend yoki Urals neftini Turkiyaga jo‘natish bo‘yicha yangi yuklamalar hozircha rejalashtirilmagan.
Treyderlarning ma’lum qilishicha, Turkiya neft ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda mamlakat Braziliya va Gayanadan ham xom neft import qilmoqda.
Kaspiy quvur konsorsiumi Qozog‘iston neftini Rossiyaning Qora dengiz sohiliga yetkazib berishda muhim ahamiyatga ega. Odatiy sharoitda ushbu xalqaro neft transport tizimi orqali jahon neft tranzitining qariyb 1,8 foizi tashiladi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, KQK orqali yetkazib berishlar iyul oyi o‘rtalaridan buyon uzilishlarga uchragan.
Financial Times 12-avgust kuni xabar berishicha, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens 31-iyul kuni Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, Ukrainadan Novorossiyskka kirayotgan neft tankerlariga dron hujumlarini to‘xtatishni so‘ragan. Nashrga ko‘ra, Vashington Ukraina hujumlari jahon neft bozoridagi vaziyatni yanada beqarorlashtirishi va AQSh kompaniyalari manfaatlariga zarar yetkazishidan xavotirlangan. Gap, jumladan, Qozog‘istondan quvur orqali Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi KQK terminaliga keltirilgan xom neftni tashuvchi tankerlar haqida bormoqda.
FT rasmiylar bayonotlari va ochiq manbalardagi ma’lumotlar tahliliga tayanib, Vens va Zelenskiy o‘rtasidagi suhbatdan keyin Ukraina KQK terminali yaqinidagi tankerlarga zarba bermaganini qayd etgan. Nashr manbalariga ko‘ra, Kiyev KQK infratuzilmasi va Qora dengizdagi Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarga hujum qilmaslikka rozi bo‘lgan. Biroq bu kemalar Ukraina sanksiyalariga tushmagan va Rossiya nefti yoki boshqa yuklarini tashimayotgan bo‘lishi kerak. Ukrainalik yuqori martabali amaldor Kiyev Vashingtonning pozitsiyasini inobatga olayotganini bildirgan. Uning aytishicha, AQShning murojaatidan keyin Ukraina tegishli «mexanizmlar»ni ishlab chiqqan. KQK masalasi AQSh va Qozog‘iston hukumatlari bilan muzokaralarda ham muntazam muhokama qilingan.

