Texnologiya

Turkiya Oyga uchirish uchun o‘zining ilk fazoviy kemasini ishlab chiqdi

Turkiya Oyga yuborish uchun o‘zining birinchi fazoviy kemasini tayyorladi

Turkiya Oyga amalga oshiriladigan ilk fazoviy missiya uchun mo‘ljallangan koinot kemasining ishlab chiqarish, yig‘ish va integratsiya jarayonlarini yakunladi. Bu haqda 14-sentyabr kuni mamlakat sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fotih Kajir ma’lum qildi.

Vazir matbuot anjumanida apparat tizimli sinovlardan o‘tishi uchun Turkiya aerokosmik sanoati kosmik sinov markaziga jo‘natilganini aytdi. Turkiya o‘z muhandislik salohiyati bilan Oyda missiya bajaradigan dunyodagi to‘qqizinchi, musulmon davlatlari orasida esa birinchi mamlakat bo‘lishni maqsad qilgan.

Taxminan 3,5 tonna og‘irlikdagi koinot kemasini 2027-yilning dastlabki oylarida uchirish rejalashtirilgan. U ikki oylik parvozdan keyin Oy sirtidan 100 kilometr balandlikdagi orbitaga chiqadi. Apparat avval kamida uch oy ishlashi kerak. Uning xizmat muddati ko‘rsatkichlarga qarab 18 oygacha uzaytirilishi mumkin.

Missiya davomida kemada Quyosh shamollarining Oy sirtiga ta’siri va suv hosil bo‘lish mexanizmlari o‘rganiladi. Shuningdek, Oyning magnit maydoni va issiqlik xususiyatlari tahlil qilinadi. Mahalliy uskunalar yordamida radiatsiya o‘lchovlari ham amalga oshiriladi.

Koinot kemasining 80 foizdan ortiq qismi milliy resurslar va mahalliy texnologiyalar asosida ishlab chiqildi. Bunda Turkiyaning Imece hamda Türksat 6A sun’iy yo‘ldosh loyihalarida to‘plangan tajribadan foydalanildi.

Endi apparat koinotdagi og‘ir sharoitlarga chidamliligini tekshirish uchun vakuum, issiqlik va strukturaviy sinovlardan o‘tkaziladi. Tekshiruvlar tugagach, koinot kemasi Anqaradagi yangi majmuaga ko‘chiriladi. Yakuniy nazoratdan so‘ng u uchirish uchun AQSHdagi Kennedi koinot markaziga yuboriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.