Turkiya Iroq shimolidagi harbiy bazani Bag‘dodga qaytarishga rozi bo‘ldi

Turkiya Iroq shimolidagi harbiy bazani Bag‘dodga qaytarishga rozi bo‘ldi
Turkiya va Iroq 23-sentyabr kuni Nyu Yorkda muzokaralar o‘tkazdi. Unda Iroq shimolidagi harbiy lager bosqichma-bosqich Bag‘dod hukumatiga qaytarilishiga kelishib olindi. Shuningdek, tomonlar hududdagi noqonuniy qurolli guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha ham bitim tuzdi.
Iroq bosh vaziri Ali al-Zaidiy va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘gon BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olingani ta’kidlandi.
“Ushbu kelishuv doirasida tomonlar Sinjar hududida davlat hokimiyatini to‘liq o‘rnatish va u yerdagi noqonuniy xorijiy qurolli guruhlarga barham berish bo‘yicha bir qarorga keldi”, deyiladi bayonotda.
Bu o‘rinda gap Iroq shimolidagi tog‘li Sinjar hududida joylashgan kurd jangarilari haqida bormoqda. Hozirda Turkiya “Kurdiston ishchilar partiyasi”ni (PKK) qurolsizlantirish va ko‘p yillik nizolarga chek qo‘yishga qaratilgan tinchlik jarayonini davom ettirmoqda.
**Bashiqa-Zelikan bazasi va qo‘shinlarni olib chiqish**
Qo‘shma bayonotda aytilishicha, Iroq tomonidan ko‘rilgan xavfsizlik choralariga muvofiq Turkiya harbiylari Mosul yaqinidagi Bashiqa-Zelikan bazasini bosqichma-bosqich Iroq hukumatiga topshiradi.
Muzokaralardan xabardor Iroq harbiy qo‘mondonining ma’lum qilishicha, turk qo‘shinlarini Bashiqa bazasidan hamda Mosul yaqinidagi boshqa kichik bazadan olib chiqish jarayoni 2026-yilning oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda. Turkiya tomoni bu muddat bo‘yicha rasmiy izoh bermadi.
Anqara 2015-yilda Mosul yaqinida o‘z harbiylarini joylashtirgan. O‘shanda Turkiya bu kuchlar 2014-yilda Mosulni egallab olgan ISHIDga qarshi kurashish uchun mahalliy kuchlarni tayyorlash hamda ularni himoya qilish maqsadida yuborilganini bildirgan.
Biroq bu holat Bag‘dod va Anqara o‘rtasida kelishmovchilik keltirib chiqargan. Iroq turk qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilgan bo‘lsa, Turkiya ular aksilterrorchilik missiyasini qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagan. Hozirda ham Turkiyaning bu mintaqada o‘z milliy xavfsizligini himoya qilishga qaratilgan bir nechta bazalari mavjud.
Bayonotda keltirilishicha, ikki davlat rahbarlari o‘zaro aloqalar va savdo masalalarini ham muhokama qilib, ilgari imzolangan kelishuvlarni tezroq amalga oshirish hamda stratgegik loyihalarni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.

