Turkiya bilan savdodagi toʻsiqlar kamayishi mumkin
Oʻzbekiston va Turkiya tovarlarni ikki mamlakat bozoriga olib kirishni yengillashtirish, bojxona tartiblarini soddalashtirish hamda muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro tan olish imkoniyatlarini muhokama qildi. Tomonlar oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.

Turkiya bilan savdodagi toʻsiqlar kamayishi mumkin
«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, Anqarada Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Turkiya Savdo vazirligi oʻrtasida savdo masalalari bo‘yicha ishchi guruhning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda amaldagi tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, mahsulotlarni ikki davlat bozoriga olib kirish shartlarini yengillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va yengil sanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar texnik tartibga solish, standartlashtirish va mahsulotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini baholash sohalaridagi hamkorlikni ham muhokama qildi. Xususan, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish va bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Elektrotexnika mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablar va ularning muvofiqligini baholash bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun soha mutaxassislaridan iborat texnik ishchi guruh tuzishga kelishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning kengaytirilgan tahririni imzolash yuzasidan texnik maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Yig‘ilish yakunida erishilgan kelishuvlarni aks ettiruvchi bayonnoma imzolandi.

