Turkiy davlatlar arxeologik yodgorliklarning yagona raqamli bazasini yaratadi

Turkiy davlatlar arxeologik yodgorliklarning yagona raqamli bazasini yaratishga kirishadi. Bu haqda Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafoyev Vengriyaning Bugats shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy dunyo ilmiy-tadqiqot institutlari va arxeologiya markazlari assotsiatsiyasining (ARICA) uchinchi yig‘ilishida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, turkiy davlatlar ilmiy ma’lumotlar almashish uchun yagona raqamli makon hamda arxeologik yodgorliklar bazasini yaratishni maqsad qilgan.
Tadbirda ARICA raqamli portali va elektron tadqiqotlar bazasi konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu platforma arxeologiya tashkilotlari, olimlar va akademik markazlar o‘rtasida doimiy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Bazada birgalikdagi ekspeditsiyalar va loyihalar haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, nashrlar, anjumanlar, grantlar va ta’lim dasturlari joy oladi. Tadqiqotchilar va tegishli muassasalar haqidagi ma’lumotlar ham kiritiladi.
Mutaxassislar arxeologik yodgorliklarning elektron atlasini yaratishni rejalashtirmoqda. Raqamli baza yirik obyektlar haqidagi ma’lumotlarni, jumladan, ularning koordinatalari, xronologiyasi, ilmiy tavsifi, fotosuratlari, rejalari, tadqiqot natijalari va nashrlarini bir joyga jamlaydi.
Yig‘ilishda ishtirokchilar birgalikdagi arxeologik loyihalarni amalga oshirish va tarixiy merosni muhofaza qilish masalalarini ham muhokama qildilar. Turkiy davlatlar merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro dastur tuzish taklif etildi. Bu dastur har yili ustuvor obyektlarni aniqlaydi, birgalikda qazishma va ekspeditsiyalar o‘tkazadi, topilmalarni hujjatlashtiradi va natijalarni tahlil qiladi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida Ipak yo‘li shaharlari, ilk turkiy yodgorliklar, yodgorlik majmualari va qadimiy sug‘orish tizimlari tanlandi. Yevrosiyo ko‘chmanchilari merosi va o‘rta asr sanoat markazlari ham shu yo‘nalishga kiradi. Ma’lumot uchun, ARICA assotsiatsiyasi 2023-yilda Samarqand shahrida Turkiy akademiya tashabbusi bilan tashkil etilgan.

