Turk seriallarining sevimli aktrisasi Neslihan Atagulning eng yaxshi 8 ta roli

Turk kinosining yorqin yulduzi Neslihan Atagulning eng yaxshi 8 ta roli
Turk aktrisasi Neslihan Atagul asosan dramatik rollari bilan tanilgan. Ko‘rinishidan, prodyuserlar uning g‘amgin nigohlarini og‘ir taqdirli qahramonlar obrazini yaratish uchun juda mos deb bilishadi.
Neslihan Atagulning har bir ekrandagi chiqishi tabiiy ko‘rinadi va tomoshabinlarni shunchaki serial yoki film tomosha qilayotganiga emas, balki real inson hayotini kuzatayotganiga ishontiradi. Uzoq vaqtdan beri ekranlarda ko‘rinmayotgan aktrisa 2026-yilning kuzida yangi rol bilan televideniyega qaytmoqda.
**“Xazonrezgi 16+”**
*Asl nomi:* Yaprak Do‘kümü
*Yillar:* 2006–2010
*Janr:* drama
*Aktyorlar:* Halil Ergün, Güven Hokna, Bennu Yıldırımlar
Film kichik shaharchada yashab, keyin Istanbulga ko‘chib o‘tgan Tekinlar oilasining hayoti haqida hikoya qiladi. Oila boshlig‘i hamma uning qoidalariga rioya etishi va axloqiy me’yorlarga amal qilishiga o‘rganib qolgan, biroq yangi joy va yangi sharoitlar tartibni o‘zgartirib, har bir kishini sinovdan o‘tishga majbur qiladi.
Neslihan Atagul serial ijodiy jamoasiga 2008-yilda qo‘shilgan va 2009-yilgacha Deniz ismli qiz rolini ijro etgan. Bu uning katta kino olamiga qo‘ygan ilk qadami bo‘ldi. Aynan o‘shanda turk seriallari muxlislari bu aktrisa bilan ilk bor tanishgan edilar.
**“Yuragim seni tanladi”**
*Asl nomi:* Kalbim Seni Seçti
*Yillar:* 2011–2012
*Janr:* drama
*Rollarda:* Sermiyan Midyat, Ebru Jundubeyog‘lu, Neslihan Atagul (Melis roli)
Bosh qahramon Kaan badavlat oilada tug‘ilib o‘sgan. Kunlardan bir kun u maftunkor bir qizni sevib qoladi, biroq uning qalbini zabt etish oson bo‘lmaydi, chunki qizning ko‘ngliga da’vogarlar orasida u yagona emasdi.
Kaan o‘ziga raqib, hatto dushman deb bilgan inson o‘zi borligidan bexabar bo‘lgan ukasi ekanligi ma’lum bo‘lgach, vaziyat yanada chigallashadi.
Neslihan Atagul Melis ismli ikkinchi darajali qahramon obrazini gavdalantirgan. “Yuragim seni tanladi” serialidagi roli aktrisaning prodyuserlar nazariga tushishi hamda o‘zining tajriba orttirib, mashhur hamkasblari bilan birga ishlashi uchun yana bir qadam bo‘ldi.
**“Ishq sohillari”**
*Asl nomi:* Fatih Harbiye
*Yillar:* 2013-2014
*Janr:* drama, melodrama
*Aktyorlar:* Qodir Dog‘ulu, Neslihan Atagul, Yunus Emre Yildirimer
“Ishq sohillari” – afsuski, ikki xil dunyoga mansub bo‘lgan Nerimon va Majidning dramatik sevgi qissasidir. Qiz bolaligi va yoshligini kambag‘allar mahallasida o‘tkazgan, uni sevib qolgan yigit esa badavlat oilaning farzandi edi.
Majidning oilasi kambag‘al rassom qiz Nerimon unga munosib emasligiga ishonadi, biroq yigit buning aksini isbotlash uchun hamma narsaga tayyor.
Ushbu dramadagi ilk bosh rolni Neslihan Atagul ijro etgan. U shu yerda bo‘lajak turmush o‘rtog‘i – aktyor Qodir Dog‘ulu bilan tanishgan. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, yosh yulduz uni o‘z iste’dodi va o‘ziga xos joziba baxsh etib turgan beg‘uborligi bilan maftun qilgan.
**“Sevgi iztirobi”**
*Asl nomi:* Kara Sevda
*Yillar:* 2015-2017
*Janr:* melodrama, drama
*Aktyorlar:* Burak O‘zchivit, Neslihan Atagul, Kaan Urganjioglu
Bosh qahramon Nihan badavlat, lekin hozirda xonavayron bo‘lgan oilada tug‘ilib o‘sgan, uning suyuklisi Kamol esa oddiy sartaroshning o‘g‘li.
Qizga uylanish g‘oyasiga berilib qolgan Amir aralashmaganida, bu ham ularning birga bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasdi. U maqsadiga erishish uchun hamma narsaga, jumladan, shantajga ham tayyor. Amirning qilmishi sababli Nihan bu majburiy nikohga rozi bo‘ladi, aks holda ukasini qutqara olmaydi. Kamol yuragi parchalangan holda shaharni tark etadi, biroq yillar o‘tib qaytib keladi va his-tuyg‘ulari hech qayoqqa yo‘qolmaganini tushunib yetadi.
Neslihan Atagul ushbu loyihada Nihan rolini ijro etgan va bu rol uning faoliyatida haqiqiy yutuq bo‘ldi. Dizi muxlislari aktrisani aynan xalqaro “Emmi” mukofotini qo‘lga kiritgan ushbu serialdan so‘ng sevib qolishgan.
**“Sendan qolgan yagona narsa”**
*Asl nomi:* Senden Bana Kalan
*Yil:* 2015
*Janr:* drama, melodrama
*Aktyorlar:* Neslihan Atagul, Ekin Koch
Film voqealari retrospektivadan boshlanadi. Biz fojiali vaziyatlarda ota-onasidan ayrilgan O‘zgur ismli kichik bolakayni ko‘ramiz. Shundan so‘ng u mehribonlik uyiga tushib qoladi va u yerda o‘zining ilk muhabbati — Elif ismli qizaloqni uchratadi.
Bolani olib ketish uchun badavlat bobosi kelgach, taqdir ularni bir-biridan ayiradi va yo‘llari ajraladi. Oradan o‘n yil o‘tib, vasiy o‘z merosxo‘riga shart qo‘yadi: bobosining boyligiga ega bo‘lishi uchun O‘zgur o‘zi tug‘ilgan qishloqdagi yuqori sinflarda o‘qishini tamomlashi kerak.
U yerda erkatoy O‘zgurni Elif bilan uchrashuv kutadi va u bolalikdagi mehr-muhabbat yangi kuch bilan alangalanayotganini his qiladi. Ammo samimiy va mehribon qizga bo‘lgan muhabbat bosh qahramonni o‘zgartirib, uni yaxshi insonga aylantira oladimi?
Neslihan Atagul o‘sha, 10 yillik ayriliqdan so‘ng O‘zgur (Ekin Koch) qaytadan sevib qolgan Elif rolini ijro etgan. Tanqidchilar va tomoshabinlar aktrisaning kadrda ko‘rsatgan mahoratini yuqori baholab, uning o‘z qahramoni kechinmalarini jonli va tabiiy tarzda yetkazib bera olganini ta’kidlashgan.
**“Elchining qizi”**
*Asl nomi:* Sefirin Kizi
*Yil:* 2019-2021
*Janr:* jangari film, drama, melodrama, jinoyat
*Aktyorlar:* Engin Akyurek, Neslihan Atagul
Bosh qahramon Narening otasi uning oilasiga mavqeyi jihatidan to‘g‘ri kelmaydigan Sanjar bilan munosabatlariga hamisha qarshi bo‘lgan. Biroq qiz o‘z tuyg‘ularidan voz kecha olmay, sevgan yigiti bilan yashirincha turmush qurishga rozi bo‘ladi.
Birinchi nikoh kechasi aksini isbotlamaguncha, go‘yo hammasi yaxshi ketayotgandek edi. Rashk va ishonchsizlikka berilgan Sanjar Nare bilan janjallashib, uni haydab yuboradi, chunki undan oldin boshqa bir erkak bilan bo‘lganini anglab yetadi. Qahramon qizning zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani haqidagi so‘zlariga ishonmaydi va go‘zal sevgi qissasi ko‘z o‘ngida chilparchin bo‘ladi.
Nare o‘z joniga qasd qilishga qaror qiladi, ammo omon qoladi va oradan to‘qqiz yil o‘tib, qo‘lida qizi bilan Sanjarning hayotida qayta paydo bo‘ladi. Ammo muammo shundaki, Sanjar onasining xohishi bilan boshqa ayolga uylanishi kerak edi.
Neslihan Atagul o‘sha baxtsiz va suyukli insoni tomonidan xiyonatga uchragan Nare rolini ijro etgan. Bu rol uning faoliyatida muhim pog‘ona bo‘ldi, biroq aktrisaning sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazdi, shu sababli u loyihani muddatidan oldin tark etishga qaror qildi.
**“Tun oxirida”**
*Asl nomi:* Gecenin Ucunda
*Yillari:* 2022-2023
*Janri:* drama, melodrama
*Rollarda:* Neslihan Atagul, Kadir Dog‘ulu
Bosh qahramon Majide Anqarada yashab, bankda ishlaydi va u yerda o‘zini kundan kunga baxtsiz his qilib boradi. Muammo shundaki, qizga tabiblik qobiliyati meros bo‘lib o‘tgan, biroq u buni ro‘yobga chiqara olmaydi. Kunlardan bir kun folbin ayol qahramonning hayoti tez orada o‘zgarishini, o‘zi esa muhabbatini uchratishini bashorat qiladi.
Shu so‘zlardan so‘ng Majide Istanbulga ko‘chib o‘tadi va u yerda yirik farmatsevtika kompaniyasi rahbari Ahmet Ishik bilan tanishadi. Ahmet darhol qizni sevib qoladi va unga turmush qurishni taklif qiladi, qiz esa rozi bo‘ladi.
Biroq Ishiklarning nufuzli oilasidagi hayot qahramonga yangi kutilmagan voqealar va turmush o‘rtog‘ining akasi — Kozim bilan uchrashuvni hozirlab qo‘yadi. Kozim uylangan, ammo nikohida baxtsiz, chunki farzandidan ayrilgach, xotini ichkilikka berilib ketgan. Majide va Kozim o‘rtasida taqiqlangan sevgi alanga olgach esa hamma narsa yanada chigallashadi.
Neslihan Atagul Majide rolini ijro etgan va turmush o‘rtog‘i Kadir Dog‘ulu bilan ikkinchi marta bir filmda suratga tushgan. Afsuski, loyiha tomoshabinlar tomonidan yuqori baholanmadi, shu sababli muddatidan oldin to‘xtatildi.
**“Oh, Belinda”**
*Asl nomi:* Aaahh Belinda
*Yil:* 2023
*Janr:* drama, komediya
*Aktyorlar:* Neslihan Atagul, Serkan Chayoglu
Kunlarning birida ekran yulduzi “Belinda” shampuni reklamasida bosh qahramon rolini o‘ynashga rozi bo‘ladi.
Ssenariyga ko‘ra, Dilara ikki farzandi va eri bor, hayotdan ezilgan Xandon ismli uy bekasini gavdalantirishi kerak edi. Reklama shiorini aytishi bilanoq u hushidan ketadi. O‘ziga kelgach esa, kadrda o‘ynagan ssenariysi uning yangi hayotiga aylanganini anglab yetadi. Endi omon qolish uchun u o‘zini va atrofida nimalar sodir bo‘layotganini tushunishi lozim. Biroq buni uddalash oson bo‘lmaydi, chunki atrofdagilarning bari uni shunchaki ruhiy xasta deb gumon qila boshlaydi.
Hashamatli hayotga o‘rganib, kutilmaganda o‘zi uchun begona dunyoga tushib qolgan va yangi voqelikka ko‘nikishga majbur bo‘lgan o‘sha Dilarani Neslihan Atagul gavdalantirgan.

