Turistik yigʻim miqdori qayta koʻrib chiqiladi
Turistik yigʻim miqdori joylashtirish vositalarining xona va oʻrinlari sotilish narxiga qarab belgilanadi hamda barcha uchun yagona stavka joriy etiladi.

Turistik yigʻim miqdori qayta koʻrib chiqiladi
Oʻzbekistonda turistik yigʻim miqdori sohaning iqtisodiy xususiyatlariga mos ravishda qayta koʻrib chiqiladi. Bu haqda Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan farmonida aytib oʻtilgan.
Farmonga binoan, turistik yigʻim miqdori joylashtirish vositalarining xona va oʻrinlari sotilish narxiga qarab belgilanadi hamda barcha uchun yagona stavka joriy etiladi.
Bundan tashqari, mehmonxonalar uchun avtoturargohga oid majburiy talablar ham qayta koʻrib chiqiladi, xususan, bu talablar infratuzilmadan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Turoperatorlarga 10 nafardan ortiq sayyohlik guruhlari uchun sotib olingan madaniy meros obyektlariga kirish chiptalari uchun 30 foizgacha chegirma berish rejalashtirilmoqda.
Yuqorida qayd etilganlarni oʻz ichiga olgan Prezident qarori loyihasi uch oy muddat ichida tayyor boʻlishi lozim.

