Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi
Yangi turizm xizmatlarini yaratishga qaratilgan eng yaxshi startaplar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

Turizm sohasidagi startaplarga 1 milliard so‘mgacha miqdorda subsidiya berilishi belgilandi. Bu tartib Hukumatning 18-avgustdagi 443-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
Qoidaga ko‘ra, subsidiyalar Turizm qo‘mitasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.
Startapni yaratish va uni amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 milliard so‘mdan oshmagan miqdori qoplanadi. Ushbu mablag‘ har yili eng yaxshi deb topilgan 10 tagacha turistik startapga yo‘naltiriladi.
Subsidiya olish uchun loyihalar maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibi Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan shakllantiriladi.
Talabgorning arizasi kelib tushganidan so‘ng, komissiya 5 ish kuni ichida unga suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboradi.
Suhbatdan keyin komissiya 10 ish kuni davomida talabgorning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Bu jarayonda startapning turizm sohasi uchun ahamiyatiga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, loyihaning ma’lum bir turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilganligi, ushbu xizmatga turistlar ehtiyoji va talabining dolzarbligi baholanadi.
Shuningdek, startap avval mavjud bo‘lmagan yoki mavjud yechimni sezilarli darajada takomillashtirgan yangi xizmatni taklif etayotgani ham inobatga olinadi.
Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng, Turizm qo‘mitasi mablag‘ni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Mablag‘lar qaror qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida ajratiladi.

