Tupak Shakur oʻldirilishi yuzasidan 30 yil oʻtib hukm oʻqildi
Jinoyatchilar toʻdasining sobiq rahbari Dueyn «Kiffi Di» Devis umrbod qamoq jazosini oldi. Mashhur reper 1996-yilda otib ketilgandi va keyingi oʻnlab yillar mobaynida AQShdagi eng shov-shuvli ochilmagan ishlardan biri boʻlib qolgandi. Keyin esa Dueyn Devis intervyulari va memuarlari orqali oʻzini «sotib qoʻyadi».

Tupak Shakur oʻldirilishi boʻyicha 30 yil oʻtib hukm chiqarildi
Las-Vegas sudi jinoyat olamida «Kiffi Di» nomi bilan tanilgan 63 yoshli Dueyn Devisni 1996-yilda reper Tupak Shakur oʻldirilgani haqidagi ish yuzasidan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
Avgust oxirida sud uni shu ishda aybdor deb topgan edi.
Hukmga koʻra, Devis 40 yilgacha muddatidan oldin shartli ozodlikka chiqishni soʻrash huquqiga ega boʻlmaydi.
«Uch yil mobaynida men sizdan bir gapning turli variantlarini eshitib keldim: „Ha, men bunga aloqador edim. Lekin endi men boshqa odamman. Oʻtmishni ortda qoldirdim. „Kompton“ni tark etdim. Endi men boboman“», – dedi sudya Karli Kirni hukmni oʻqib eshittirar ekan.
«Siz birovni oilasidan tortib olishga haqli emasdingiz. Uni hayotdan, butun kelajagidan mahrum qilib, keyin hech narsa boʻlmagandek, shunchaki ketishga haqqingiz yoʻq», – dedi u ayblanuvchiga murojaat qilib.
Tupak Shakur 1990-yillarning eng mashhur reperlaridan biri edi. U 1996-yil 7-sentabr kuni, 25 yoshida qotillik qurboni boʻlgan. Oʻsha paytda u musiqa magnati Merion «Shug» Nayt bilan birga uning mashinasida tungi klubga ketayotganida yon tomondan oʻtayotgan «Kadillak»dan turib oʻqqa tutilgan. 13-sentabr kuni shifoxonada vafot etgan, «Shug» esa omon qolgan.
Bu qotillik koʻp yillar davomida AQShdagi eng shov-shuvli ochilmagan ishlardan biri boʻlib qoldi. Huquq-tartibot idoralari boshidan bu qotillik raqobatchi toʻdalar oʻrtasidagi jinoiy tortishuv natijasi boʻlganini taxmin qilgan, biroq oʻnlab yillar davomida kimnidir ayblash uchun yetarli dalillar topilmagan.
Dueyn Devis Crips toʻdasining Komptondagi (Los-Anjelesning chekka hududi) boʻlimi — South Side Compton Crips — ning sobiq boshligʻi boʻlgan. Tupakka prodyuserlik qilgan «Shug» Nayt esa ushbu jinoiy toʻdaning raqibi hisoblangan Mob Piru Bloods guruhiga aloqador edi.
Devis 1996-yildayoq Tupakning oʻldirilishi boʻyicha ishda soʻroq qilingan Orlando Andersonning amakisi edi: politsiyachilar Andersonni qotillikda gumon qilgan, chunki voqeadan bir necha soat oldin klublardan birida u va Tupak oʻrtasida ziddiyat yuzaga kelib, reperning tan soqchisi uni kaltaklagan edi. Andersonga rasmiy ayblov qoʻyilmaydi, u 1998-yilda otishmada halok boʻladi.

