Mahalliy

Tumanlar ixtiyoriga 3,2 trillion so‘m resurs beriladi

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash uchun tuman shtablariga jami 3 trillion 200 milliard so‘m

Tumanlarga 3,2 trillion so‘m miqdorida resurs ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman shtablarining moliyaviy vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi choralar belgilandi.

Endilikda tuman shtablari kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, mablag‘ni qaytarish muddatini uzaytirish hamda to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirish masalalarini mustaqil hal qiladi. Inklyuziv moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar ham ularning vakolatiga o‘tkaziladi.

Hozirgi kunda oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 milliard so‘m resurs mavjud.

Shuningdek, kredit tarixida kechikishlar bo‘lgan ehtiyojmand aholining loyihalarini individual baholash asosida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.

Qashshoqlikni qisqartirish jamg‘armasidagi 240 milliard so‘m, Bandlik jamg‘armasidagi 100 milliard so‘m va uchta "daftar"dagi 760 milliard so‘m mablag‘ ham tuman shtablari ixtiyoriga beriladi. Bundan tashqari, Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar mo‘ljallangan 300 milliard so‘mlik qoldig‘i ham shtablar orqali ajratiladi.

Shu tariqa, tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard so‘m resurs yo‘naltiriladi.

Yig‘ilishda kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini farmon va qarorlar bilan belgilash amaliyotidan voz kechilishi ham ma’lum qilindi. Endi Iqtisodiyot vazirligi va Markaziy bank hududlar salohiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini har chorakda yangilab boradi.

Shuningdek, 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari "loyihabay" ishlash tizimiga o‘tkaziladi. Fidoyi va tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanadi, ishiga noloyiq xodimlar esa almashtiriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.