Layfstayl

Tuhmatga uchragan kelin...

Hovlidagi tosh o‘choqda suv isitib, idishlarni yuvayotgandik. Aytishicha, u qo‘lidagi taqinchoqlarini shu yerga yechib qo‘ygan

**Tuhmatga qolgan kelin...**

Tahririyatga yuborilgan bir maktubda bayon etilgan voqeani oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa ham unutolmayman. Hovlida izg‘ib yurgan hakka, qarg‘a, olaqanot va boshqa qushlarga ko‘zim tushishi bilan o‘sha voqea yodimga kelaveradi. Maktub muallifi sirli bir «o‘g‘rilik» sabab oilasidan ajralgan, nomi badnom bo‘lgan begunoh kelinchak edi. Mana, o‘sha maktub.

«Katta hovlili uyga kelin bo‘lib tushganman. Kech kuz edi. Qaynotam va qaynonam haj ibodatini ado etib qaytishdi. Ularni tavof qilish uchun hamma tashrif buyurdi. Uyimiz ikki-uch kun mehmonlar bilan to‘ldi. Ertadan kechgacha dasturxon atrofida odam arimadi. Qozonlarimiz tinmay qaynardi...

Hamma kuzatilib bo‘lgach, xonalarni yig‘ishtira boshladik. Men, ikkita qayinsinglim va qo‘shni ayollar tinim bilmay ishladik. Hammasini joy-joyiga qo‘yib bo‘lgach, katta qayinsinglim kutilmaganda jazavaga tushib, «Tillalarim yo‘qoldi, kim olgan bo‘lsa, bersin, sharmandasini chiqaraman», deb shovqin ko‘tardi. Men esa dong qotib qoldim.

Hovlidagi tosh o‘choqda suv isitib, idish-tovoqlarni yuvayotgandik. Aytishicha, u qo‘lidagi taqinchoqlarini shu yerga yechib qo‘ygan ekan. Osmonga uchdimi, yer tagiga kirib ketdimi, hech kim bilmaydi. U yerga bizdan boshqa hech kim bormagan. Hamma menga qaraydi. Men esa kimga qarashni bilmayman. Qidirmagan joyimiz qolmadi, ammo topa olmadik. Xullas... taqinchoqlarni men o‘g‘irlagan bo‘lib chiqdim.

Bu gap o‘sha kuniyoq mahallaga yoyilib ketdi. Ko‘chaga chiqa olmay qoldim. Mish-mishlar avj oldi. Maktabdan qaytayotgan bolalardan biri menga eshittirib, «Ana, o‘g‘ri kelin», dedi. Uyimdagilar kelishdi. Qaynotam «Xo‘sh, kelin olmagan bo‘lsa, kim oladi?» dedi. Qaynonam folbin ayolga borib ko‘rsatgan ekanlar, «Taqinchoqlar yo‘qolmagan, yashirib qo‘yilgan», debdi. Shu gapdan keyin ko‘zimga ikki olam qorong‘i bo‘lib ketdi-yu, bolalarimni yetaklab, uydan chiqib ketdim.

Oradan uch-to‘rt oy vaqt o‘tdi. Aslida, uch-to‘rt oy emas, men uchun ming yil o‘tgandek edi, desa ham bo‘ladi. Xudodan umid qilib yashadim, boshqa ilojim yo‘q edi. Nihoyat, bir kuni...

Bahorning boshlarida edi. Turmush o‘rtog‘im hovli chetidagi keksa yong‘oqning tarvaqaylab ketgan shoxlarini kesish uchun uning ustiga chiqqan ekan, qarg‘a uyalaridan birida bir narsa yaltillab turgan emish. Qarasa, kichik-kichik oyna siniqlari va... o‘sha yo‘qolgan taqinchoqlar. Xursandligidan daraxtdan yiqilib tushay debdi.

Taqinchoqlar topildi, deb uyimizga suyunchilab kelishdi. Ammo bu xushxabar menga ham, ota-onamga ham tariqcha ta’sir qilmadi. Yong‘oqli hovliga qaytib borishdan ko‘ra, do‘zaxga kirganim afzal, dedim...»

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.