Trampning kuyovi Isroilga tashrif buyuradi

Trampning kuyovi Isroilga safar qiladi
AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner kelgusi hafta Isroilga boradi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Kushner tashrifi davomida G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qiladi. Uning safari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHning 15 banddan iborat tinchlik rejasini rad etganidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Tinchlik rejasi HAMASni qurolsizlantirish, G‘azo sektorini Falastinning yangi hukumatiga topshirish va Isroil harbiylarini hududdan to‘liq olib chiqishni nazarda tutadi.
"Kushner G‘azo rejasini muhokama qilish uchun Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlariga ham tashrif buyurishi mumkin", dedi amerikalik anonim rasmiy.
Yana bir manba Trampning kuyovi Misr, Qatar va Turkiyaning G‘azo bo‘yicha vositachilari bilan ham uchrashishini ma’lum qildi. Netanyaxu 9-avgust kuni Vazirlar mahkamasining haftalik yig‘ilishida HAMAS qurolsizlantirilmaguncha Isroil mudofaa kuchlari G‘azoni tark etmasligini aytdi. HAMAS esa Isroil o‘z qo‘shinlarini olib chiqsa va Falastin davlati tashkil etilsa, G‘azodagi yangi ma’muriyatga qurollarini topshirishini bildirgan.
Yangi ma’muriyat ayrim falastinliklarga o‘qotar qurollarini saqlab qolish huquqini berishi kutilmoqda. Trampning tinchlik rejasidagi dastlabki o‘t ochishni to‘xtatish bosqichiga 2025-yil oktabr oyida erishilgandi.

