Siyosat

Trampni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, yana – hafta dayjesti

Hafta davomida Eron Amerika prezidenti Trampni o‘ldirishga uringani ma’lum bo‘ldi. AQSh maxfiy xizmati Trampni oziq-ovqat furgoniga yashirib, harbiy samolyotga olib o‘tgani butun dunyoda muhokama qilindi.

**Trampga suiqasd urinishi va haftaning boshqa muhim voqealari**

O‘tgan hafta davomida dunyo jamoatchiligi Eronning AQSh prezidenti Donald Trampga suiqasd qilishga uringani haqidagi xabarlar bilan larzaga keldi. AQSh maxfiy xizmatining Trampni oziq-ovqat furgoniga yashirib, harbiy samolyotga o‘tkazish operatsiyasi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaponlar o‘ziniki deb hisoblaydigan Kuril orollariga ilk tashrifi, Markaziy Osiyoda kuzatilgan jiddiy blekaut va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha Putindan ruxsat olgani haqidagi bayonotlari haftaning asosiy voqealari qatoridan joy oldi.

**Trampni furgonga yashirish operatsiyasi**

Haftaning eng shov-shuvli voqeasi Donald Trampga navbatdagi suiqasd urinishi bo‘ldi. Oq uy rahbari Anqaradagi NATO sammitidan qaytayotganida, uning samolyotiga hujum uyushtirilishi mumkinligi haqida ma’lumot olingan. Amerika nashrlarining yozishicha, bu ma’lumotni Isroilning "Mossad" tashqi razvedka tashkiloti qo‘lga kiritgan.

Xabarlarga ko‘ra, Eron ta’siridagi shia guruhlaridan biri Anqara aeroporti yaqiniga ko‘chma raketa kompleksi olib borgan. Bu esa Trampning samolyotiga hujum Eron hududidan emas, balki Turkiyaning o‘zidan amalga oshirilishi mumkinligini anglatardi. Isroilliklar bu haqda Markaziy razvedka boshqarmasini xabardor qilgan, ammo dastlab amerikaliklar bunga jiddiy e’tibor bermagan. Keyinroq esa maxfiy xizmat Trampni qutqarish bo‘yicha butun dunyoga ma’lum bo‘lgan operatsiyani amalga oshirgan.

Ushbu operatsiyadan so‘ng ko‘pchilikni bir savol o‘ylantirmoqda: agar Eron chindan ham Trampning samolyotini urishni maqsad qilgan bo‘lsa, nega prezident yashirincha harbiy samolyotga o‘tkazildi-yu, birinchi bortda qolgan jurnalistlar va delegatsiya a’zolari Britaniyagacha go‘yoki Eron nishonidagi samolyotda uchib ketdi? Amerika prezidentining hayotini qutqarish operatsiyasi maxfiy qolishi uchun o‘nlab odamlarning hayoti xavf ostiga qo‘yildimi?

Eron hali Trampning samolyotiga hech qanday raketa otmasdan dunyoda shuncha vahima ko‘tarilishi, Amerikaning Eronda urush boshlab hech nimaga erishmagani, faqat muammo orttirayotganini ko‘rsatadi. Agar Trampni NATO davlatida o‘ldirishi mumkinligiga butun boshli Amerika va Isroil razvedkasini ishontira olgan bo‘lsa, demak Eronda hali ham kuch bor ekan.

**Putin Kurilga bordi**

Hafta davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ilk bor Kuril orollariga tashrif buyurdi. Bu Kreml rahbarining hududlarga odatiy tashriflaridan biri emasdi, chunki Yaponiya Kuril orollari o‘ziga tegishli ekanini da’vo qiladi. Putin shuncha vaqtdan buyon prezident bo‘lsa ham, u yerga biror marta bormagandi. Oxirgi marta orolga Dmitriy Medvedev prezident sifatida tashrif buyurgan edi.

Yaponiya Putinning Xokkaydo oroliga yaqin manzilga tashrifiga nisbatan norozilik bildirdi. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Putinning bu tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirganini ta’kidladi. Rossiya prezidenti tashrifi davomida baliq zavodiga bordi va turli xil ikralar bilan mehmon qilindi. Saxalin oblasti gubernatori Saxalin va Kuril qirg‘oqlariga rekord miqdorda tuna baliqlari suzib kelganini ma’lum qildi.

**Markaziy Osiyoda blekaut**

Mintaqamizda navbatdagi blekaut kuzatildi. Juma kuni Samarqandda ham yarim kun davomida ko‘p joylarda elektr ta’minoti uzildi, svetoforlar ishlamadi. Yaxshiyam o‘qishlar boshlanmagan, ko‘chalar juda tirband bo‘lib ketmadi. Bu galgi blekaut 2022-yildagi kabi yirik bo‘lmadi. O‘shanda mintaqadagi davlatlar deyarli kun davomida elektrsiz qolgandi. 14-avgust kuni O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham uzilishlar kuzatildi. Chunki mintaqa davlatlari elektr tarmoqlari o‘zaro ulangan bo‘lib, bir yerda sodir bo‘lgan uzilish qo‘shni davlatlarga ham ta’sir qiladi.

Hozircha blekaut Qirg‘izistondagi To‘xtag‘ul GESda ikkita gidrogenerator o‘chirilishi sabab yuzaga kelgani aytilmoqda. Har holda Qozog‘iston tomoni shunday versiyani ilgari surgan. Muammoni bartaraf etish bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzilgan.

**Putinning ruxsati**

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning intervyusi o‘zbekistonliklarni befarq qoldirmagan bo‘lsa kerak. Qo‘shni davlat prezidenti mamlakat hayotiga aloqador ko‘plab qiziq gaplarni aytib berdi. Japarovga ko‘ra, u prezidentlikdan ketgach, o‘rnini xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev egallashini xohlagan ekan, lekin keyinroq siyosiy sherigi bu ishga tayyor emas degan qarorga kelibdi.

Japarov Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha Putin bilan gaplashib kelganini ham aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yil hukumatga kelishi bilan Xitoy elchisini chaqirib temiryo‘l qurilishini muhokama qilgan. Elchi bu qurilish uchun Rossiyaning ruxsati kerakligini aytgan.

Qirg‘iziston prezidenti esa bu gapdan hayron bo‘lib Rossiyaga Putin bilan uchrashuvga borgan. "Hayron qoldim, keyin Vladimir Putin bilan uchrashuv tashkil qilishni so‘radim. Ertasigayoq u meni qabul qildi. Rossiyaga yolg‘iz bordim, Vladimir Vladimirovich bilan 35-40 daqiqa shu mavzuni muhokama qildik. Putinning roziligini oldim, qaytib kelib boshlanglar dedim, shunday qilib loyiha boshlandi", dedi Japarov.

**Tramp va Maskning yarashuvi**

Amerika prezidenti Donald Tramp va dunyoning eng boy odami Ilon Mask yarashib olgani haqida okean ortidagi nashrlar yozib chiqdi. Eslatib o‘tamiz, Tramp prezidentlikka qaytganidan keyin u bilan juda qalin bo‘lib olgan, unga tegishli qarorgohda yashay boshlagan Mask keyinroq soliq masalasidagi tushunmovchilik sabab Oq uy rahbari bilan urushib qolgandi.

Tomonlar o‘zaro munosabatlar yaxshi ekaniga ishontirishga ham urinmagandi. Vaqt o‘tgan sayin ikki milliarder ham arazlashni bas qilib yarashib olishibdi. Bunga ular bir nechta tadbirlarda uchrashib qolgani yordam beribdi. Xususan, ular Charli Kirk vafoti munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda uchrashishgan. Keyinroq Xitoyga mashhur tashrifida Tramp Maskni o‘zi bilan olib ketgan, Xitoyda mahalliy tadbirkorlar Mask bilan rosa suratga tushishgandi.

Dunyoning eng boy odami oraliq saylovlarda respublikachilarni qo‘llash uchun 100 million dollar beradigan bo‘libdi. Oq uy vakillari Mask bilan gaplashib, vaziyatni tushuntirgach, milliarder Trampga qo‘ng‘iroq qilib, ba’zi masalalar bo‘yicha nohaq ekanini tan olibdi. Keyinroq esa Trampning partiyasini qo‘llash uchun 100 million dollar. Bunaqa puldan keyin yarashmaslik mumkinmi axir?

**"Neft issig‘ida isinamiz"**

Hafta davomida Rossiya va Ukraina tomoni bayonotlar jangi o‘tkazdi. Rossiya mudofaa vazirligi sahifasida dronlar rasmi qo‘yilib, "Qishda sizni ayoz kutmoqda", deb yozishdi. Ukraina tomoni esa "Rossiya neftining olovida isinamiz", deb javob berdi. Ya’ni ruslar qishda energiya ob’yektlariga zarba berib, ukrainaliklarni issiqlik va elektrsiz qoldirish bilan tahdid qildi. Ukraina esa Rossiyaning neft zavodlarini portlatish bilan javob berdi. Rossiya urushni "Kiyevni uch kunda olishni maqsad qilib" boshlagandi. Urushning beshinchi yiliga kelib, Kiyev tugul egallab olish 2014-yilda boshlangan Donetsk ham to‘liq olinmagan. Besh yil avval ukrainaliklarga "Biz sizni qutqargani boryapmiz", deyishgandi. Endi "Qishda sovuq qotasizlar", deb tahdid qilishyapti. Ana shunaqa urush, ana shunaqa reallik.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.