Dunyo

Trampga suiqasd uyushtirilgan paytda oʻq yegan erkak vafot etdi

Trampga suiqasd vaqtida o‘q tekkan erkak vafot etdi

Donald Tramp hali AQSH prezidentligiga nomzod bo‘lgan paytda Pensilvaniyadagi mitingda unga qarshi uyushtirilgan suiqasd chog‘ida yaralangan ikki tomoshabindan biri — Jim Kopenxaver vafot etdi. Uning aytishicha, Kopenxaver o‘sha paytdagi jarohatlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. U 76 yoshda edi.

Politico nashrining yozishicha, Trampga suiqasd paytida Kopenxaver ikki marta o‘q yegan. Ulardan biri erkakning yelkasiga, ikkinchisi esa umurtqa pog‘onasi yaqiniga tegib, nervlarga zarar yetkazgan. U bir necha bor jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Fizioterapiyadan keyin ham chap oyog‘idagi uvishish va karaxtlik yo‘qolmagan.

AQSH prezidenti marhumning oilasiga hamdardlik bildirdi.

“Amerikalik vatanparvar va jangchi Jeyms Kopenxaver hamda uning ajoyib oilasiga Xudo madadkor bo‘lsin. Uning joyi jannatda bo‘lsin”, deb yozdi Tramp Truth Social’da.

AQSH Kongressi Vakillar palatasidagi Respublikachilar partiyasi fraksiyasi ham Kopenxaverning yaqinlariga hamdardlik izhor qildi.

Donald Trampga suiqasd 2024-yil 13-iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler shahrida, u saylovoldi mitingida nutq so‘zlayotgan vaqtda amalga oshirilgan edi. Tramp o‘ng qulog‘idan yaralangan. Tomoshabinlar orasida Kopenxaverdan tashqari 57 yoshli Devid Datch ham jarohat olgan, 50 yoshli Kori Komperatore esa halok bo‘lgan. Hujumni amalga oshirgan 20 yoshli Tomas Metyu Kruks voqea joyida Maxfiy xizmat snayperlari tomonidan otib o‘ldirilgan.

Shundan keyin ham Tramp qurolli hujum xavfiga duch kelgan. 2026-yil aprel oxirida Washington Hilton mehmonxonasida Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasining kechki ovqati paytida otishma yuz bergan. Tadbirda AQSH prezidenti Donald Tramp, uning rafiqasi Melaniya Tramp, vitse-prezident Jey Di Vens va boshqa yuqori martabali amaldorlar bo‘lgan. Hodisa oqibatida Maxfiy xizmat xodimlaridan biri yaralangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.