Tramp va Si muzokaralarida siyosiy burilishga erishilmadi
AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping Oq uydagi muzokaralarda Tayvan, Eron, Ukraina hamda sunʼiy intellekt masalalarini muhokama qildi. DW xabariga koʻra, tomonlar iliq munosabatlarni namoyish etgan boʻlsa-da, muhim siyosiy kelishuvlarga erisha olmagan.

Tramp va Si oʻrtasidagi muzokaralarda siyosiy burilish yuz bermadi
24-sentabr kuni Tramp Si Jinping sharafiga Oq uyda tantanali davlat ziyofati tashkil etdi. Tadbirda Amerikaning yirik texnologiya kompaniyalari vakillari, jumladan Tesla rahbari Ilon Mask, Apple rahbari Tim Kuk va OpenAI rahbari Sem Altman ham ishtirok etdi.
Tramp nutqida AQSH va Xitoy oʻrtasidagi shaxsiy aloqalarga alohida eʼtibor qaratib, ikki davlat hech qachon hozirgidek bir-birini bunchalik yaxshi tushunmaganini aytdi.
Si Jinping esa ancha vazmin ohangda chiqish qilib, har ikki davlat masʼuliyatli buyuk davlatlar sifatida harakat qilishi va oʻzaro munosabatlarga yangicha yondashuv topishi zarurligini taʼkidladi.
Ziyofatdan oldin boʻlib oʻtgan ikki tomonlama muzokaralarda Tayvan masalasi ham muhokama qilindi. Xitoyning «Sinxua» davlat axborot agentligiga koʻra, Si Jinping AQSHni Tayvan mustaqilligiga qarshi chiqishga chaqirgan.
DW yozishicha, Tramp may oyida Xitoyga qilgan tashrifidan soʻng Tayvanga qariyb 14 mlrd dollarlik qurol-yarogʻ paketi yetkazib berilishini toʻxtatib turgan va bu masalani muzokara mavzusi deb atagan.
Si Jinping sunʼiy intellekt jadal rivojlanayotgan sharoitda bu texnologiya doimo inson nazoratida qolishi kerakligini aytgan.
Xabarda keltirilgan manbalarga koʻra, ziyofatda texnologiya sohasi vakillari qatnashganiga qaramay, Tramp Amerika texnologiyalari eksportiga qoʻyilgan qatʼiy cheklovlarni saqlab qolishi kutilmoqda. Xitoy esa bu cheklovlarni yumshatishga intilmoqda.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi borasida ham tomonlarning pozitsiyalari yaqinlashmagan. Si Jinping oʻt ochishni toʻxtatish rejimiga qaytish tarafdori ekanini bildirgan.
Ukraina masalasi ham muzokaralar kun tartibidan oʻrin olgan, biroq xabarda bu yoʻnalishda erishilgan aniq kelishuvlar tilga olinmagan.

