Tramp saylov oldidan soʻnggi dam olish kunlarida qizigʻin saylovoldi kampaniyasini olib bormoqda
AQSh prezidenti avvalroq respublikachilar gʻalaba qozongan shtatlarda saylovoldi tadbirlari oʻtkazdi — bu seshanba kungi saylovlar Kongress ustidan nazoratni aniqlashda qanchalik shiddatli kechishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Tramp saylov oldidan soʻnggi dam olish kunlarida shiddatli kampaniya olib bormoqda
Shiddatli oraliq saylovlar oldidan soʻnggi dam olish kunlarida Donald Tramp AQSh Kongressida respublikachilar nazoratini saqlab qolish umidida saylovchilarga soʻnggi bor murojaat qildi.
Tramp Florida, Ayova va Kanzas shtatlarida — ilgarigi saylovlarda gʻalaba qozongan shtatlarida mitinglar oʻtkazdi, bu esa seshanba kungi bellashuvlarda respublikachilar mudofaa pozitsiyasini egallaganini koʻrsatdi.
Saylovchilar narx-navoning, ayniqsa yoqilgʻining qimmatlashishidan gʻazabda boʻlgan bir paytda, Tramp ushbu xavotirlarni yumshatishga va eʼtiborni demokratlarga hujum qilishga qaratishga urinib, agar demokratlar saylansa, oilalarni "bankrot qiladi", dedi.
Soʻrovnomalar demokratlarning Kongress ustidan kamida qisman nazoratni qoʻlga kiritish imkoniyati yuqori ekanini koʻrsatmoqda, bu Trampning vakolatlarini cheklab qoʻyishi va uning prezidentligining soʻnggi ikki yilini izdan chiqarishi mumkin.
Tramp ovoz berish kuni yaqinlashayotgan bir paytda butun mamlakat boʻylab, jumladan, bir vaqtlar respublikachilarning mustahkam hududi hisoblangan joylarda ham tinimsiz kampaniya olib bormoqda.
Dam olish kunlarida Tramp Kanzas, Florida va Ayovadagi mitinglarda, shuningdek, Michigan, Ogayo va Pensilvaniya kabi shtatlardagi nomzodlar uchun tele-mitinglarda oʻz partiyasini yoqlab chiqdi.
Ilgarigi saylovlarda Tramp bir vaqtlar ishonchli ravishda respublikachilarniki deb hisoblangan Florida, Ayova va Kanzas shtatlarida osonlikcha gʻalaba qozongan edi, ammo saylov kampaniyasining soʻnggi kunlarida uning ushbu shtatlarga tashrif buyurishi Kongress uchun kurashda bu hududlar qanchalik raqobatli boʻlib qolganini koʻrsatdi.
Tramp oʻz tarafdorlariga mamlakatni oʻzgartirganini aytib, demokratlar AQShni "qorongʻi asr"da qoldirganini, ammo uning rahbarligi ostida "biz uni tezda Amerikaning oltin asriga aylantirganimizni" taʼkidladi.
Tramp kun kechirish qiymatining oshishi bilan bogʻliq noroziliklarga duch kelmoqda.
Eronga qarshi urush sakkiz oydan koʻproq vaqt oldin boshlanganidan beri narxlar, ayniqsa yoqilgʻi, oziq-ovqat va sogʻliqni saqlash xizmatlari uchun oshdi. Ushbu mitinglarda Tramp ikkita maqsadni koʻzlaganga oʻxshardi: eʼtiborni ushbu muammolardan chalgʻitish va respublikachilarning saylovdagi ishtirokini oshirish uchun qoʻrquvdan foydalanish.
Florida va Ayovadagi mitinglarda u oʻz savdo va immigratsiya siyosatiga urgʻu berdi va agar hokimiyat demokratlarga berilsa, ular "chegarani ochadi", "oilangizni bankrot qiladi", "qurolingizni tortib oladi" va "bolalaringizni mayib qiladi", dedi. U shuningdek, demokratlarning ICE (Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati)ni tanqid qilgani va transgenderlar huquqlarini qoʻllab-quvvatlagani aks etgan videolavhalarni namoyish etdi.
Toʻplangan tarafdorlar buni olqishladilar, ammo baʼzi respublikachilar Trampning moʻʼtadilroq saylovchilarga murojaat qilish usulidan xavotir bildirdilar.
Demokratlarning Vakillar palasidagi yetakchisi Xakim Jeffris shu dam olish kunlarida oʻz partiyasi Vakillar palasi ustidan nazoratni qoʻlga kiritish yoʻlida ekaniga "joʻda amin" ekanini aytdi, sobiq prezident Barak Obama kabi yuqori martabali demokratlar esa saylovchilarga soʻnggi murojaatlarini qilishdi.
Garvard universitetining koʻplab soʻrovnomalar va tarixiy maʼlumotlarni tahlil qiladigan va birlashtiradigan prognoziga koʻra, demokratlarning Vakillar palasini egallash ehtimoli 96% va Senatni egallash ehtimoli 76% ni tashkil etadi.
Shu dam olish kunlarida eʼlon qilingan NBC News milliy soʻrovnomasi shuni koʻrsatadiki, roʻyxatga olingan saylovchilar demokratlar nazoratidagi Kongressni 7 ball farq bilan afzal koʻrishmoqda, respublikachilar esa 45% ga qarshi 52% koʻrsatkich bilan ortda qolmoqda.
Soʻnggi saylov oldi tashriflari bilan bir qatorda, dam olish kunlari hozirda demokratlar qoʻlida boʻlgan Michigan shtatidagi Senat uchun kurashda ham keskin burilish yuz berdi.
Demokratik partiyadan Senatga nomzodlikni Abdul El-Sayidga boy berib qoʻygan amaldagi kongressmen Xeyli Stivens yakshanba kuni respublikachi nomzod Mayk Rojersni qoʻllab-quvvatladi.
Bu qaror safdosh demokratlar tomonidan keskin qoralandi va respublikachilar, jumladan Tramp tomonidan olqishlandi, u Stivensni "juda dovyurak" deb atadi.
Senat uchun yana bir muhim kurash maydoni boʻlgan Alyaskada sudya yakshanba kuni Tramp maʼmuriyatining, agar amaldagi respublikachi nomzod saylov byulletenida bir xil ism-sharifga ega ikki nomzod borligi sababli boy bersa, saylov natijalarini tasdiqlashni kechiktirish haqidagi urinishini rad etdi.
Saylov oldidan Tramp va uning maʼmuriyati, saylovchilarning soxtalashtirishi kamdan-kam uchraydigan holat ekani haqidagi dalillarga qaramay, ovoz berishning ishonchliligi va xavfsizligini qayta-qayta savol ostiga oldi. Adliya vazirligi AQShning bir nechta shtatlarida tergov ishlarini boshladi yoki ovozlarni bekor qilishga urindi.
Tramp uchun stavkalar yuqori, chunki oraliq saylovlar natijalari amerikaliklarning prezident faoliyatidan qanchalik mamnun ekanining sinovi sifatida keng koʻriladi.
Kupchilik oraliq saylovlarda Oq uydagi partiya odatda Kongressdagi oʻrinlarni muxolifatga boy beradi — bu Trampning Respublikachilar partiyasi eng koʻp narsa yoʻqotishi mumkinligini anglatadi.
Hozirda ham Vakillar palasida, ham Senatda kichik ustunlikka ega boʻlgan respublikachilar Kongress ustidan nazoratni topshirishni xohlamaydilar, chunki oʻrinlarni yoʻqotish ular uchun qonunlarni qabul qilish va siyosatga taʼsir oʻtkazishni qiyinlashtiradi.
Demokratlar esa nazoratni respublikachilardan tortib olishga ishtiyoqmand. Koʻpchilikni qoʻlga kiritish ularga Tramp kun tartibiga eʼtiroz bildirish, uning maʼmuriyatini tergov qilish vakolatini beradi va shuningdek, 2028 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan Amerika uchun oʻz qarashlarini taqdim etishga yordam berishi mumkin.
Qonunchilar uchun masala hokimiyat va nazoratni qoʻlga kiritish yoki saqlab qolishdir, ammo ularning siyosati taʼsirini amerikaliklar his qiladilar.
Shahar, shtat va federal darajada kim saylanishi saylovchilar kundalik hayotining koʻplab jabhalariga, jumladan, benzin narxi, inflyatsiyaning oshishi va oziq-ovqat xarajatlari, sogʻliqni saqlash va abort qilish imkoniyati, daromad va mol-mulk soliqlari hamda immigratsiyaga taʼsir qiladi.

