Tramp Rossiya NATOga hujum qilmasligini aytdi

Tramp Rossiyaning NATOga hujum qilmasligini ma’lum qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp 27-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning NATO mamlakatlariga hujum qilmasligini ta’kidladi. U, shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliffning Moskvaga borib, rossiyalik rasmiylarni bunday hujumdan ogohlantirgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Jon Retkliff 26-avgust kuni kutilmaganda Moskvaga tashrif buyurgan edi. WSJ va Politico nashrlarining xabar berishicha, u NATO mamlakatlariga hujum qilmaslikdan ogohlantirish uchun borgan. Razvedka rahbari Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvda, ayniqsa, Boltiqbo‘yi davlatlariga nisbatan har qanday harbiy keskinlashuvdan tiyilishga chaqirgani aytilgan. Shuningdek, u Moskvani Eronni harbiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga undagan.
“U NATO hududiga hujum qilmoqchi emas”, dedi Tramp Putinni nazarda tutib, Oq uyning Oval kabinetida jurnalistlarga.
Tramp kunning birinchi yarmida Axios nashriga telefon orqali intervyu berdi. U intervyuda bunday hujum bo‘lmasligini qayd etdi. Bundan tashqari, u Retkliffning Moskvaga biron-bir maxsus xabar yetkazish uchun yuborilmaganini aytdi.
“Retkliff rossiyalik hamkasbi bilan har olti oyda yoki yilda bir marta ko‘rishadi. Ularning munosabatlari juda yaxshi. Hech qanday xabar yuborilmagan va bu yerda g‘ayritabiiy narsaning o‘zi yo‘q”, dedi Tramp nashrga.
Yevropa va AQSH razvedka xizmati rasmiylari Rossiyaning Yevropadagi qo‘poruvchilik faoliyati va “kulrang zona”dagi hujumlarini uzoq vaqtdan beri kuzatib kelmoqda. Bunday harakatlar to‘liq urush darajasiga yetmaydi. Ulardan maqsad NATOning hamjihatligini va a’zo davlatlarning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ishtiyoqini pasaytirishdir.

