Tramp Oq uyni qayta qurishga qariyb 1 mlrd dollar sarflaydi
Bu qiymat avval taxmin qilinganidan ancha ko‘p bo‘lib, ishlar byudjet hisobidan moliyalashtiriladi. Bu «Oq uyning so‘nggi 80 yildagi eng qimmat rekonstruksiyasi» hisoblanadi.

Tramp Oq uyni qayta qurishga qariyb 1 milliard dollar sarflaydi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Oq uyda yangi bazm zali qurish va boshqa qurilish loyihalariga kamida 927 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Washington Post (WP) nashri hujjatlar va manbalarga tayanib xabar berdi.
Gazetaning ta’kidlashicha, bu qiymat avval taxmin qilinganidan ancha yuqori bo‘lib, ishlar byudjet hisobidan moliyalashtiriladi. WP bahosiga ko‘ra, bu "Oq uyning so‘nggi 80 yildagi eng qimmat rekonstruksiyasi" hisoblanadi.
Trampning Oq uydagi eng mashhur loyihasi 900 kishiga mo‘ljallangan yangi bazm zali qurilishidir. Ushbu loyiha ko‘plab sudlashuvlar va bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘tgan hafta AQSh sudlaridan yana biri Kongress qurilishni davom ettirish yoki to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilmagunicha, ushbu qurilish rejasini bloklab qo‘ydi. Boshqa loyihalar qatorida Oq uyga tutash Lafayet-skver maydonini rekonstruksiya qilish, vertolyot qo‘nish maydonchasi hamda mehmonlarni tekshirish uchun yangi markaz yaratish ham bor.
WP’ning yozishicha, Tramp ma’muriyati ko‘pchilik qurilish ishlari uchun byudjetni tasdiqlatish maqsadida Kongressga murojaat qilmagan, vaholanki shunday qilishi kerak edi. Buning o‘rniga, u davlat idoralari va xususiy sarmoyadorlardan pul yig‘ib, so‘ng mablag‘larni shu maqsadda tashkil etilgan bo‘lim tomonidan boshqariladigan maxsus hisobvaraqqa o‘tkazgan. WP ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hisobvaraqqa turli idoralar, jumladan, Maxfiy xizmat tomonidan kamida 500 million dollar, xususiy donorlar tomonidan esa yana kamida 305 million dollar o‘tkazilgan. Bu Trampning o‘z loyihalariga mablag‘lar asosan xususiy shaxslar va tashkilotlardan kelib tushgani haqidagi avvalgi bayonotlariga ziddir.

