Tramp maʼmuriyati ikki Sallivan mojarosida sudda yutqazdi
AQŞ federal sudi Donald Tramp maʼmuriyatining Alyaskadagi Senat saylovi böyiça daʼvosini rad etdi. Maʼmuriyat respublikaçi senator Den Sallivan mağlub bölsa, natijalarni rasman tasdiqlaşni töxtatişni söragan. Bunga saylovda senatorga familiyadoş yana bir nomzod iştirok etayotgani sabab bölgan.

Tramp ma’muriyati ikki Sallivan mojarosida sudda mag‘lub bo‘ldi. DW xabariga ko‘ra, sud qarori 1-noyabr, yakshanba kuni chiqarilgan. Sud AQSh Adliya vazirligida bunday da’vo kiritish uchun zarur huquqiy asoslar bo‘lmagan, degan xulosaga kelgan.
Saylovda amaldagi senator Den Sallivan bilan birga nafaqadagi o‘qituvchi Deniel J. Sallivan-kichik ham ishtirok etmoqda. Tramp ma’muriyati familiyadosh nomzodning qatnashuvi saylovchilarni chalg‘itishi va ovoz berish natijasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirgan.
Adliya vazirligi Demokratik partiya nomzodi Meri Peltola g‘alaba qozongan taqdirda saylov natijalarini rasman tasdiqlamaslikni so‘ragan. Shuningdek, ikkinchi Sallivanga ovoz bergan saylovchilar aslida amaldagi senatorni qo‘llab-quvvatlashni niyat qilgan-qilmaganini aniqlashni talab qilgan.
Federal sudya Sheron Glison 20 sahifalik qarorida AQSh hukumati bunday tekshiruvni ovoz berish sirini buzmasdan o‘tkazishning amaliy mexanizmini taqdim etmaganini qayd etgan.
Sud jarayoniga The New York Times nashridagi maqola turtki bo‘lgan. Unda Peltola bilan aloqador siyosiy maslahatchilar senatorga familiyadosh nomzodni saylovga jalb qilishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Peltola bu ayblovlarni rad etgan. Reuters agentligi esa gazeta keltirgan ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini bildirgan.
Sud qaroridan so‘ng AQSh Adliya vazirligi apellyatsiya shikoyati berish niyatini ma’lum qilgan. Tramp esa o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida «soxta Deniel J. Sallivan-kichik g‘oyib bo‘ldi», deb yozib, siyosiy raqiblarini yana tanqid qilgan.
AQSh Kongressining Vakillar palatasi va Senatiga oraliq saylovlar 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Alyaskadagi saylov poygasi Senat ustidan nazorat uchun kurashda muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

