Tramp kulrang boʻrilarni yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar roʻyxatidan chiqarish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi
AQSh prezidentining taʼkidlashicha, bu qadam chorvadorlarga yordam beradi, biroq tabiatni muhofaza qiluvchilar bu populyatsiyalarni qayta tiklash harakatlarini yoʻqqa chiqarishi mumkinligini aytmoqda.

Tramp kul boʻrilarni yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar roʻyxatidan chiqarish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi
Donald Tramp kul boʻri va uning kichik turi boʻlgan Meksika boʻrisini yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar muhofazasidan chiqarish toʻgʻrisidagi ijroiya farmonni imzoladi.
AQSh prezidentining ushbu qadami chorvadorlarga oʻz chorva mollarini himoya qilish uchun ushbu hayvonlarni oʻldirishga yoʻl ochib berishi mumkin. Uning farmonida chorvadorlar oziq-ovqat taʼminoti zanjiri va Amerika madaniy merosida «muhim rol» oʻynashi taʼkidlangan.
Biroq, tabiatni muhofaza qilish guruhlari ushbu qarorni qoralab, bu yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan boʻrilar populyatsiyasini tiklash boʻyicha uzoq muddatli saʼy-harakatlarga putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.
AQSh Baliqchilik va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish xizmati (FWS) maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda AQSh yovvoyi tabiatida 319 ta Meksika boʻrisi boʻlgan, vaholanki 1998 yilda ular qayta koʻpaytirila boshlaganda bor-yoʻgʻi toʻrtta edi.
Shuningdek, AQSh boʻylab 18 000 ga yaqin kul boʻri mavjud, ammo insonlar ularning yashash muhitining katta qismini vayron qilgani sababli ular hanuzgacha yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar sifatida tasniflanadi.
Federal hukumatning 2022 yilda ularni roʻyxatdan chiqarishga boʻlgan urinishi sud jarayonlari tufayli toʻxtab qolgan edi va baʼzi faollar agar AQSh Ichki ishlar vazirligi Trampning farmoni asosida harakat qilsa, xuddi shunday yoʻl tutishni rejalashtirayotganliklarini aytishdi.
Ijroiya farmon chorvadorlarga chorva mollariga hujum qilayotgan boʻrilarni darhol otib tashlashga ruxsat bermaydi. Buning oʻrniga, u Ichki ishlar vaziri Dag Burgumga kul va Meksika boʻrilari populyatsiyasi ularni yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar roʻyxatidan chiqarishni oqlaydigan darajada tiklangan-tiklanmaganini aniqlash uchun 90 kun vaqt beradi.
Farmonda AQShda chorva mollari soni soʻnggi 75 yildagi eng past darajada ekani, ayni paytda mol goʻshtiga boʻlgan talab soʻnggi oʻn yil ichida 10 foizga oshgani qayd etilib: «Ushbu muhim tarmoqni qoʻllab-quvvatlash uchun koʻproq ish qilish mumkin va qilinishi kerak», deyiladi.
Ekologlar esa, oʻz navbatida, boʻrilarning chorva mollariga hujumi kamdan-kam kuzatilishi va chorvadorlar daromadiga deyarli taʼsir qilmasligini koʻrsatuvchi tadqiqotlarga eʼtibor qaratdilar.
«Bu bir hovuch chorvadorlarni tinchlantirish va ularni boʻrilar Prezident Trampning oʻz siyosatidan koʻra kattaroq xavf tugʻdirishiga ishontirish uchun qilingan katta chalgʻituvchi harakatdir», dedi AQShning gʻarbiy shtatlarida yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bilan shugʻullanuvchi Western Watersheds Project tashkiloti direktori oʻrinbosari Greta Anderson.
Boʻrilarni muhofaza qilish markazining maʼlum qilishicha, amaldagi tizimga koʻra, chorvadorlar boʻrilar tufayli yoʻqotgan chorva mollari uchun 100 foizgacha kompensatsiya olishlari mumkin, bunda alohida shtatlar hujumlarning oldini olishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtiradi.
«Meksika kul boʻrisi faqatgina populyatsiyasi oʻsgani uchungina tiklangan hisoblanmaydi», dedi Grand Canyon Wolf Recovery Project ijrochi direktori Kler Musser. «Hozir federal muhofazani zaiflashtirish oʻn yillik tiklash ishlarini xavf ostiga qoʻyadi».
Ijroiya farmon Tramp maʼmuriyati qurgʻoqchilik va AQSh qoramol zaxiralaridagi parazitlar tarqalishi sababli yuzaga kelgan isteʼmolchilar uchun mol goʻshtining rekord darajadagi yuqori narxlarini tushirishga harakat qilayotgan bir paytda qabul qilindi.
Chorvadorlar Trampning narxlar oshishiga qarshi kurashish uchun mol goʻshti importiga qoʻyilgan cheklovlarni yumshatish haqidagi qaroridan gʻazabda, bu ularning shusiz ham past boʻlgan foyda marjasiga qoʻshimcha bosim yaratmoqda.
XIX asrning oxirida AQSh hukumati boʻrilarni tizimli ravishda yoʻq qilish kampaniyasini boshlagan edi. Bu saʼy-harakatlar, fermerlar va yer egalarining boʻrilarni tuzoqqa tushirishi va oʻldirishi bilan birga, ularni butunlay yoʻq boʻlib ketish yoqasiga olib keldi.
Chorvadorlar hanuzgacha ularni zararkunanda deb hisoblashadi, ularni oʻldirish esa federal jinoyat hisoblanadi.

