Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qildi
Tramp o‘zining TruthSocial sahifasida «AQSh yangi hududi» degan yozuv bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xaritasini e’lon qildi. Eron TIV Amerika prezidenti adashayotganini va Tehron buni tez orada tuzatishini ma’lum qildi.

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining TruthSocial sahifasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining xaritasini "AQShning yangi hududi" degan yozuv bilan joylashtirdi.
Tramp 14-avgust kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qilish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi. O‘shanda Oq uy rahbari bu e’lon Eron bilan urush tugaganidan so‘ng amalga oshirilishini ta’kidlagan.
Ertasi kuni Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy bo‘g‘ozni egallab bo‘lmasligini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Ho‘rmuz bo‘g‘ozini na tvit, na aviatashuvchi, na buyruq chiqarish, na saylovoldi nutqi bilan zabt etib bo‘lmaydi".
AQSh prezidentining sahifasidagi post e’lon qilingach, G‘aribobodiy Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb atashi xato ekanligini va Eron buni tez orada tuzatishini bildirdi. "Tramp abadiy Fors ko‘rfazi nomini to‘g‘ri yozganidek, uning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi borasidagi yanglish fikri ham tez orada yo tuzatiladi, yo biz bu adashgan odamning xatolarini o‘zimiz tuzatamiz", — deb yozdi u o‘zining X sahifasida.
Yaqin Sharqning ko‘plab mamlakatlarida ko‘rfaz Arabiston yoki Arab ko‘rfazi deb ataladi. Eron bunday nomlanishga qarshi chiqadi. Fors ko‘rfazi — uning an’anaviy geografik nomi bo‘lib, hozirgi Eron joylashgan qadimgi Fors (Persiya) sharafiga qo‘yilgan.
O‘tgan yilning may oyida The Associated Press ikki amerikalik amaldorga tayanib, AQSh Fors ko‘rfazini Arabiston yoki Arab ko‘rfazi deb atashi haqida xabar bergan edi. Keyinroq Tramp Eron bu qadamga "qat’iy e’tiroz bildirishini aniq tushuntirgani" sababli Fors ko‘rfazini Arab ko‘rfazi deb qayta nomlash rejalaridan voz kechgan.

