Tramp braziliyalik «goʻsht qiroli» bilan uchrashgach, goʻsht bojlarini bekor qildi
AQShda goʻsh narxi bilan bogʻliq mojaro avj oldi. Prezident Tramp goʻsht importi uchun 25 foizlik bojlarni vaqtincha bekor qildi. Bu qaror chiqarilishidan bir kun oldin Oq uyda dunyoda eng koʻp goʻsht ishlab chiqaradigan braziliyalik milliarder mehmon boʻlgan. Xuddi shu milliarderga tegishli tovuq fabrikasi Trampning inauguratsiyasi uchun eng koʻp – 5 million dollar pul xayriya qilgan.

Tramp braziliyalik «goʻsht qiroli» bilan uchrashgach, goʻsht bojlarini bekor qildi
AQShda goʻsht narxi atrofidagi tortishuv kuchayib bormoqda. Prezident Tramp goʻsht importiga qoʻyilgan 25 foizlik bojlarni vaqtincha bekor qildi. Bu qaror qabul qilinishidan bir kun oldin Oq uyda dunyoda eng koʻp goʻsht ishlab chiqaradigan braziliyalik milliarder mehmon boʻlgan. Aynan shu milliarderga tegishli tovuq fabrikasi Trampning inauguratsiyasi uchun eng katta — 5 million dollar xayriya qilgan.
WSJ yozishicha, 20-avgust kuni Oq uyda Donald Tramp va braziliyalik milliarder Joesli Batista uchrashgan. Batista oddiy milliarder emas: unga tegishli JBS kompaniyasi dunyoda eng koʻp goʻsht yetishtiradigan korxona hisoblanadi. JBS qisqartmasi korxona asoschisi Joze Batista Sobrinio ism-familiyasining qisqartmasini anglatadi.
Hozir bu ulkan kompaniyani uning milliarder oʻgʻillari boshqaradi. Korxonaning butun dunyo boʻylab 500 dan ortiq zavodi bor. Ularda har kuni 14 million bosh parranda va 100 ming bosh qoramol goʻshti tayyorlanadi. Amerikaga eng koʻp goʻsht olib kiradigan ham shu kompaniya. Mamlakatda goʻsht narxi rekord darajada oshib ketgan bir paytda Batista Tramp bilan uchrashib, unga mol goʻshti uchun 26 foizlik bojni bekor qilish taklifini bergan. Uchrashuvning ertasiga Tramp 300 ming tonna qiyma goʻsht tayyorlashda ishlatiladigan mol goʻshti uchun bojlarni 90 kunga bekor qildirdi.
Tashqaridan qaraganda, hammasi oddiydek: dunyoda eng koʻp goʻsht ishlab chiqaradigan kompaniya rahbari dunyodagi eng boy davlat rahbariga narxni pasaytirish boʻyicha taklif bildirganida muammo yoʻqdek tuyuladi. Ammo bu masalaning nozik siyosiy jihatlari ham bor. Aynan Batistaga tegishli boʻlgan AQShdagi Piligrim’s Pride tovuq fabrikasi Trampning inauguratsiya marosimi uchun hammadan koʻp — 5 million dollar xayriya qilgan.
Qizigʻi shundaki, aka-uka Joesli va Uesli Batista 2020-yilda AQShda javobgarlikka tortilib, Amerika adliya vazirligiga 256 million dollar jarima toʻlagan. Milliarder aka-ukalar Braziliyada mulozimlarga pora berishda ayblangan.
Amerikalik chorvadorlar Trampning bu qaroridan norozi. WSJ hozir mamlakatda qoramol soni oxirgi 70 yil ichida rekord darajada kamayib ketganini, rancholar bundan juda qiynalayotganini taʼkidlagan. Chetdan arzon goʻsht kirib kelishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ogʻir ahvolga solib qoʻyadi.
Montana fermerlar kengashi prezidenti Uolter Shveysarning aytishicha, 300 ming tonna aslida juda kam miqdor va bu chora kelajakdagi narx-navoga taʼsir qilishi qiyin: «300 ming tonna mol goʻshti juda koʻpdek eshitilishi mumkin, lekin bu aslida AQShdagi yillik ehtiyojning atigi 2 foizi degani. Bu chora koʻproq ruhiy jihatdan taʼsir qiladi. Qaytaga ishlab chiqaruvchilar bunday arzonlashtirish chorasidan foydalanib, chorvadorlar uchun eng muhim savdo-sotiq davri boʻlmish kuzda koʻproq buzoqlarni arzonroqqa sotib olishga urinadi».

