Siyosat

Tramp ba’zi nashrlarning Oq uyga kirishini cheklagach, yetakchi telekanallar prezident tadbirlarini boykot qildi. Nimalar ma’lum?

Tramp CNN, MS NOW va Politico`ning Oq uyga kirishini taqiqlagach, ular sudga da’vo kiritdi. AQShning yirik teletarmoqlari hamkasblari bilan birdamlik ko‘rsatib, prezident tadbirlarini yoritishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng Oq uy kechayu kunduz ishlaydigan Trump TV translyatsiyasini ishga tushirdi.

Tramp ayrim nashrlarning Oq uyga kirishini cheklagach, yirik telekanallar prezident tadbirlarini boykot qildi. Nimalar ma’lum?

CNN va MS NOW telekanallari hamda Politico nashri Donald Tramp tomonidan ularning muxbirlariga Oq uyga kirish taqiqlangani ortidan akkreditatsiyani qayta tiklashni so‘rab sudga da’vo arizasi topshirdi.

Bu shoshilinch iltimosnoma Kolumbiya okrugi (Vashington) federal sudi sudyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan bo‘lib, sud majlislari va ma’muriyatning huquqiy vajlari shu haftaning o‘zidayoq tinglanishi mumkin.

Da’vo arizasida Trampning bu qarori AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi tuzatish hamda tegishli huquqiy jarayon kafolatlarini buzayotgani aytiladi. Mazkur huquqiy tamoyilga ko‘ra, davlat rasman belgilangan va adolatli yuridik tartib-qoidalarga amal qilmasdan, fuqaro yoki tashkilotni o‘z huquqlari, imtiyozlari yoxud mulkidan o‘zboshimchalik bilan mahrum qila olmaydi.

“Oq uy hech qanday ogohlantirishsiz yoki qonuniy jarayonlarsiz, shunchaki bizning reportajlarimiz ma’qul kelmagani sababli jurnalistlarimizning akkreditatsiyasini bekor qildi. Agar bunga qarshilik ko‘rsatilmasa, mazkur holat matbuot erkinligiga hamda jamoatchilikning hukumat aralashuvidan xoli bo‘lgan mustaqil jurnalistikadan bahramand bo‘lish huquqiga tahdid soladi”, — deya qayd etdi tahririyatlar.

Shu bilan birga, CNN bilan birga Oq uyning televizion puliga kiruvchi Amerikaning to‘rtta eng yirik teletarmog‘i ichkariga qo‘yilmagan hamkasblari o‘rniga ishlashdan birdamlik belgisi sifatida bosh tortdi. Natijada beshala telekanal — ABC, CBS, NBC, Fox News, CNN — birlashib, qo‘shma bayonot chiqardi.

“Jamoatchilik o‘z hukumati haqida aniq va xolis axborot olishdan juda ham manfaatdor. Hech bir ma’muriyat axborot tashkiloti faoliyatini shunchaki uning reportajlari ma’qul kelmagani sababligina cheklab qo‘ymasligi kerak”, — deyiladi bayonotda.

Fox News telekanalining Vashingtondagi byurosi rahbari va pulning amaldagi raisi Brayan Boton o‘z maktubida bu qaror jurnalistlar ishtiroki ko‘zda tutilgan Tramp qatnashadigan tadbirlarni umumiy televizion pul yoritmasligini anglatishini yozdi.

“Ushbu qaror Oq uyning CNN telekanaliga pul doirasidagi rejali majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilgan pozitsiyasi tufayli qabul qilindi. Pul tarkibidan o‘rinbosar guruh tayinlanmaydi”, — deb yozdi Boton.

Tushuntirish: Ko‘p yillik kelishuvga binoan, beshta eng yirik teletarmoq prezident tadbirlarini navbatma-navbat tasvirga oladi va tayyor materiallarni ham bir-biriga, ham qolgan barcha jurnalistlar jamoasiga taqdim etadi. Har kuni ushbu besh kanaldan biri “asosiy televizion guruh” sifatida mas’ul bo‘ladi — ya’ni tasvirchi, ovoz rejissyori hamda prodyuser yoki muxbir ajratadi.

Eslatib o‘tamiz, 18-sentabr kuni Donald Tramp CNN, MS NOW va Politico nashrlari “doimiy ravishda feyk tarqatib kelayotgani sababli” ularning Oq uyga kirishini taqiqlashini e’lon qilgandi.

Ertasi kuniyoq har uchala nashr muxbirlari Oq uy majmuasi hududiga kiritilmadi.

Rejali rotatsiyaga ko‘ra, CNN dushanba, 21-sentabr kuni “asosiy pul” telekanali sifatida navbatchilik qilishi kerak edi. Biroq Oq uyning dushanba kungi matbuot tadbirlari jadvalida birorta ham telekanal asosiy sifatida ko‘rsatilmagan.

Televizion pulning boykoti sababli Tramp Oq uyning yangi vertolyot maydonchasi ochilish marosimini ovozsiz o‘tkazdi. Bundan tashqari, Oq uy telekanallarning boykotiga javoban AQSh prezidenti haqidagi kechayu kunduz ishlaydigan Trump TV translyatsiyasini ishga tushirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.