Tramp AQSHda o‘q-dori yetishmayotgani haqida xabar berayotganlarni xoin deb atadi

Tramp AQSHda o‘q-dori tanqisligi haqida xabar tarqatayotganlarni xoinlar deb atadi
AQSHda qurol zaxiralari kamaygani haqidagi xabarlar fonida prezident Donald Tramp mamlakatda keragidan ortiq o‘q-dori borligini bildirdi.
“Qo‘rqoqlar va xoinlar AQSHda o‘q-dori yetishmayotgani haqida mamnuniyat bilan gapirmoqda. Bu yolg‘on. Bizda amalda ishlatish mumkin bo‘lganidan ham ko‘proq o‘q-dori bor. Hozir esa zaxiralarni ilgari kuzatilmagan miqdorga oshiryapmiz”, deb yozdi Tramp.
Iyul oyidan beri AQSH ommaviy axborot vositalari turli manbalarga tayanib, Erondagi jangovar harakatlar sabab Amerika armiyasida o‘q-dori taqchilligi yuzaga kelgani haqida yozib kelmoqda.
Xususan, The New York Timesʼning iyuldagi xabarida aytilishicha, Trampning Eronga qarshi harbiy kampaniyani keskin kuchaytirish rejasidan voz kechishiga ta’sir qilgan omillardan biri — uning maslahatchilari Yaqin Sharqdagi AQSH Patriot tutib qoluvchi raketalari va boshqa havo hujumidan himoya vositalari zaxirasi kamayib borayotganidan xavotir bildirganidir.
Keyinchalik CNN ham o‘q-dori zaxiralari kamaygani haqida xabar berdi. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan besh oy davom etgan mojaro davomida AQSH THAAD tutib qoluvchi raketalari zaxirasining qariyb 80 foizini, Patriot raketalarining esa taxminan yarmini sarflagan.
Reuters esa Amerika armiyasi uzoq masofaga uchuvchi ATACMS hamda Precision Strike Missile (PrSM) raketalari zaxirasining deyarli barchasini ishlatib bo‘lganini yozgan.
Sentyabr oyida Bloomberg anonim amaldorlarga tayanib, AQSH Eron bilan mojaro tufayli kamayib ketgan o‘z o‘q-dori zaxiralarini tiklayotgani, shu sabab ittifoqchilarini ularga zarur qurol-yarog‘ yetkazib berishni kechiktirishi mumkinligi haqida ogohlantirgani haqida yozdi. Manbalarga ko‘ra, bu kechiktirish besh yilgacha cho‘zilishi mumkin.
Tramp ushbu xabarlarni bir necha bor rad etib, AQSH armiyasida yetarli miqdorda o‘q-dori borligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlarda “dunyoning boshqa har qanday mamlakatidagidan ancha ko‘p o‘q-dori” mavjud. U, shuningdek, “xoinona ma’lumotlarni sizdirgan” shaxslarni qamoqqa olish bilan tahdid qilgan.

