Siyosat

Toʻrt davlat Rossiya aktivlarini Ukraina manfaati uchun ishlatishni taklif qildi

Shvetsiya, Polsha, Niderlandiya va Ispaniya Yevropa komissiyasini Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani qoʻllab-quvvatlash maqsadida foydalanishning yangi variantlarini oʻrganishga chaqirdi. Toʻrt davlat taklifiga koʻra, bunday qaror bilan bogʻliq moliyaviy va iqtisodiy xatarlar Yevropa Ittifoqining barcha aʼzolari oʻrtasida taqsimlanishi kerak.

Rossiya aktivlarini Ukraina manfaatlari yoʻlida ishlatish taklifi toʻrt davlat tashqi ishlar vazirlarining 27-avgust kuni DW nashriga kelib tushgan qoʻshma maktubida ilgari surildi.

Maktub mualliflari Yevropa komissiyasi texnik ekspertlariga Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlikda Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukraina manfaatlari yoʻlida foydalanishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va oʻrganishni topshirishni taklif qildi. Bunda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlar barcha aʼzo davlatlar oʻrtasida teng taqsimlanishi va biror mamlakatga nomutanosib yuk tushmasligi kerakligi taʼkidlangan. Shuningdek, takliflarni baholashda moliyaviy va iqtisodiy xatarlar hamda ularning xalqaro huquqqa muvofiqligi asosiy omillardan biri boʻlishi lozim.

**"Ukrainaga 90 mlrd yevro kredit yetarli boʻlmaydi"**

Toʻrt mamlakat Rossiya aktivlari masalasiga qaytish zaruratini Ukrainaning moliyaviy ehtiyojlari ortib borayotgani bilan izohladi. Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukraina uchun 2026–2027-yillarga moʻljallangan 90 mlrd yevro miqdoridagi kredit muhim ahamiyatga ega boʻlsa-da, maktub mualliflari bu mablagʻning oʻzi yetarli boʻlmasligini taʼkidladi. Ularning qayd etishicha, Rossiya hujumlari davom etayotgan bir paytda urush xarajatlari ham oʻsib bormoqda. Shu sababli Kiyevga qisqa va uzoq muddatli istiqbolda qoʻshimcha moliyaviy yordam zarur boʻlishi mumkin.

Toʻrt davlat fikricha, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish, bir tomondan, Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun Moskva moliyaviy javobgarlikni oʻz zimmasiga olishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, yevropalik soliq toʻlovchilar zimmasidagi yukni kamaytirish imkonini beradi. Shuningdek, bu mexanizm Moskvaga bosimni kuchaytirish vositasi sifatida ham koʻrilmoqda.

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ham ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatladi. Uning fikricha, Rossiya Ukrainaga reparatsiya toʻlamagunicha bu mablagʻlarni qaytarib ololmaydi. Shu sababli aktivlarni urush tugashini kutib, keyin Ukrainani tiklashga sarflashdan koʻra, hozir Ukrainani himoya qilishga yoʻnaltirish maqsadga muvofiq.

**Yevrokomissiya: rejani ilgari surish uchun yetarli qoʻllab-quvvatlash boʻlmagan**

Yevropa komissiyasi vakili Balash Uyvari Bryusseldagi brifingda Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobiga Ukrainaga "reparatsion kredit" ajratish masalasi 2025-yil dekabridagi Yevropa Ittifoqi sammitidan keyin rasman kun tartibidan olib tashlanmaganini maʼlum qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.