To‘yidan oldin o‘g‘irlab ketilgan, farzandini liftda dunyoga keltirgan, o‘zi saratonga chalinib, xasta turmush o‘rtog‘ini parvarishlayotgan Saida Rametova 66 yoshda

To‘yidan oldin o‘g‘irlab ketilgan, farzandini liftda dunyoga keltirgan, o‘zi saratonga chalinib, xasta turmush o‘rtog‘ini parvarishlayotgan Saida Rametova 66 yoshda
O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek filmlarining “qaynonasi”, iste’dodli kino va teatr aktrisasi Saida Rametova 21-sentyabr kuni 69 yoshga qadam qo‘ydi. Kelin bo‘lish arafasida o‘g‘irlab ketilgan, san’atga Erkin Komilov sabab kirib kelgan, Turkiyada og‘ir xastalikka chalingani aniqlangan va og‘ir dardga mubtalo turmush o‘rtog‘i Jumadulla Rametov bilan hayot kechirayotgan aktrisaning hayoti hamda ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.
“Onamning ko‘nglini qattiq og‘ritganman”
Saida Rametova bolalik xotiralarini doimo sog‘inch bilan eslaydi. U to‘rt qiz va bir o‘g‘ildan iborat oilada tug‘ilgan. Onasi Samarqanddagi konserva zavodida ishlagan bo‘lsa-da, doira chalib lapar aytishni yaxshi ko‘rardi.
Onam erta tongdan to kun botguniga qadar ishlasa-da, ro‘zg‘orning kam-ko‘sti to‘lmasdi. Biz bobom va buvim bilan birga qolardik. Bobom rahmatlining soqollari uzun, nurli inson edi. Uni Ibn Sinoga o‘xshatardim. Chunki bobom ham tabibchilik bilan shug‘ullanar, odamlar shifo istab kelishardi. Men u kishiga yordam berardim. Giyohlarni maydalardik, turli damlama va malhamlar tayyorlardik. Hech yodimdan chiqmaydi, baʼzi bemorlar shifo topganidan quvonib bobomga ko‘proq pul bersa, bir qismini olardi-da, qolganini qaytarib berardi. Men “Nega qaytarib berasiz”, kulib “Tegishimni oldim”, derdi. Yuqori sinfga o‘tgandan keyin onam bilan konserva zavodida ishga borardim. Chaqqon qiz bo‘lganim uchun ishlarni joyiga qo‘yib bajarardim. Hatto, qarindosh-urug‘larning uyida yig‘inlar bo‘lsa onamni jo‘natib, o‘rniga ishlardim. Ammo bir kuni onamning ko‘nglini qattiq og‘ritganman. Buning uchun o‘zimni haligacha koyiyman, deydi Saida Rametova.
“Onamga qanchalik qiyin bo‘lganini anglayapman”
Aktrisa onasini nima sababdan ranjitgani va bolalikdagi orzularining barchasi amalga oshgani haqida gapirib berdi.
— Puldan ko‘p qiynalardik. Baʼzan ro‘zg‘orlik qilishga ham pulimiz qolmasdi. Onam sho‘rlik bor pulini berib, “Oylikkacha borim shu, amallab turgin”, derdi. Chunki men do‘konga borib, bozorlik qilishga masʼul edim. Bir kuni “Men shunaqa boy bo‘laman, bolalarimni zoriqtirmay o‘stiraman. To‘rtta emas, ikki bolam bo‘lsin, ammo ular muhtojlik ko‘rmay o‘ssin”, deb o‘ylamay gapirib yuboribman. Bu gap onamga og‘ir botishini o‘ylamabman. Bolalaringni zoriqtirmaydigan ona bo‘lgin dedi-yu, ko‘zini olib qochdi. Birozdan so‘ng ko‘zlari namlanganini payqadim. Ulg‘ayib ona bo‘lganimdan keyin o‘sha paytda unga qanchalik qiyin bo‘lganini anglayapman, deydi aktrisa Saida Rametova.
“Erkin Komilov sabab sanʼatkor bo‘ldim”
Saida Rametova avvaliga aktrisa bo‘lishni orzu qilmaganini, Gulchehra Jamilova ishtirokidagi spektaklni ko‘rib esa shu sohaga mehr qo‘yganini aytgan.
— Pul ishlashni yaxshi ko‘radigan qiz edim. Onamga ham “Bu qizingiz ishning ko‘zini biladi, kattakon bo‘lib ketadi-yov”, deb ko‘p aytisharkan. Maktabni bitirib do‘konga sotuvchi bo‘lib ishga kirganman. Keyin Toshkentdagi kooperativ texnikumiga o‘qishga kirdim. Bir kuni kursdoshlar bilan Erkin Komilov va Gulchehra Jamilova ishtirokidagi spektaklni ko‘rgani bordik. Gulchehra opaning nazokati, gap-so‘zi va xatti-harakatlari yuragimga yetib bordi. “Tamom, men ham aktrisa bo‘laman”, dedim. Hamma talabalar ketishdi, ammo men teatr darvozasi yonida aktyorlarning chiqishini kutib turdim. Bir payt Erkin Komilov chiqdi. “Men ham aktrisa bo‘lishini xohlayman, iltimos menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsating”, dedim. Erkin Komilov sababchi bo‘lib, sanʼat institutiga hujjat topshirganman. Ustozlarim suhbatlashib ko‘rishgandan keyin maslahatlar berishgan. Aslini olganda, sanʼat haqida hech narsani bilmasdim, ammo menda shu paytgacha yashirin qobiliyat bo‘lgan ekan. Menimcha, sanʼatga bo‘lgan qiziqish ham onamdan o‘tgan bo‘lsa kerak, deydi aktrisa Saida Rametova.
“O‘xshamasa aktrisalikdan ketaman”
Saida Rametova avvaliga aktrisa bo‘la olishiga ishonmagani va bu sohada o‘z o‘rnini topolmasa, savdo-sotiq bilan shug‘ullanishni reja qilgani haqida ham gapirgan.
Savdo-sotiqda tajribam bor, degan bo‘lsam kerak-da. Erkin Komilov sababchi bo‘lib, teatrga ishga kirganman. 1980-yilda Isfandiyorning “Otasining qizi” spektaklidagi Nargiza rolini ijro etganman. Menimcha ilk muvaffaqiyatli rolim shu bo‘lgan. Bu rolga meni rejissyor Baxtiyor Ixtiyorov taklif qilganlar. Agar birinchi rol adashmasdan berilsa va ustozlar sizga yaxshi o‘git bersalar, ilk qadam yaxshi hosilini bersa, bu yog‘iga omad ham siz tomonda bo‘lar ekan. Men buni o‘zimda sezganman, deydi aktrisa Saida Rametova.
“Jumadulla Rametov aktrisaga uylanmayman degandi”
Aktrisa turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani va qaynonasi ularning to‘yiga qanday munosabat bildirgani haqida so‘zlab bergan.
Foto: Instagram
— Jumadulla Rametov bilan birga o‘qiganmiz, do‘stona munosabatda edik. Institutni tugatgach, O‘zbek Davlat drama teatriga yo‘llanma berishgan, yosh aktyorlar qatori men ham “Ijodkorlar uyi”da turganman. Saodat ismli xonadosh dugonam Jumadulla aka bilan Yosh tomoshabinlar teatrida ishlardi. Hamkasblar birga ovqatlanayotganda ham ijod haqida suhbatlashishardi. Gap orasida “Men sanʼatkor qizga uylanmayman, uydagilarim nima deyishadi?”, degan edi. Bu gap Saodat ikkimizga yoqmagan. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay Jumadulla akaning menga munosabati tamoman o‘zgarganini sezdim. Bir kuni “Turmush o‘rtog‘ingiz qanday bo‘lishi istaysiz?” deb so‘rab qoldi. “Meni tushunsa, hurmat qilsa, ijod qilishimga imkon bersa”, dedim. “Men barchasiga roziman, turmushga chiqasizmi?” dedi. Shumligim tutib, “Sanʼatkor qizga uylanmoqchi emasdingiz, uydagilar nima deydi?” dedim. U vaqtda hali men u kishini sevib qolmagandim, shunchaki inson sifatida hurmat qilardim. Shu orada uning tanishlaridan Jumadullaga o‘zi tarafdan bir qarindosh qizni mo‘ljallab qo‘yishgan, degan gapni eshitib qoldim. Uning ismi ham Saida edi, peshonalariga Saidalar yozilgan ekan-da (kulib). Keyin ota-onasi o‘sha qizni olib bermoqchi bo‘lsa, men ularning o‘rtasiga tushib baxtini buzmayman, deganman va Jumadulla bilan do‘st bo‘lib qolishga kelishganmiz. So‘ng bilsam, u qizni shunchaki ko‘zlab yurishgan ekan, hammada ham bo‘ladi-ku, shunday-da. Keyin bilsam Jumadulla aka hammasini pishitib qo‘ygan ekan. Qaynonam rahmatli Sarvaraoy “Yashaydigan sen, aktrisa bilan yashashga ko‘zing yetsa uylanaver”, degan ekan.
“Muzqaymoq bahona meni Turkistonga olib qochgan”
Foto: Instagram — Xullas, shunday qilib bir kuni teatrda charchab o‘tirgan vaqtim edi. Jumadulla “Do‘stmiz-ku, yuring, sizga muzqaymoq olib beraman” dedi. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun otasi sovg‘a qilgan mashinasi bor edi, shunga o‘tirganman. Uzoq yurganmiz, nega to‘xtay qolmayapti, deb bir vaqt qarasam, mashinani mingga qo‘yib Turkiston tomonga haydab ketyapti. To‘xtating, men tushaman deyishimga qaramay, meni Turkistondagi qarindoshlarining uyiga olib borgan. “Voy, Jumadulla qiz o‘g‘irlab keldi” deb birpasda gap tarqalgan. Ularning oilasi Turkiston va Qozog‘istonda yashaydigan o‘zbeklar edi, u taraflarda qiz olib qochish odatiy hol bo‘lgan. Lekin mening ota yurtim Samarqandda bunday qilinmaydi, menga uylanmoqchi bo‘lsangiz, hurmat-obro‘yimni joyiga qo‘yib uylaning, bunday olib qochib ketib emas, deb qattiq gapirganman. Ertasi kuni qaynona-qaynotam yetib kelishgan va menga “Rahmat qizim, juda aqlli qiz ekansan, baraka top” deyishdi. Aktrisa bo‘lsa ham, hurmatini biladigan, o‘ziga pishiq qiz ekan, bizga yoqdi, deya rozi bo‘lishgan. To‘yimiz 1981-yilning 23—24-oktyabrida juda chiroyli o‘tgan, Jumadulla 27 da, men 25 yoshda bo‘lganman. Jumadulla aka yolg‘iz o‘g‘il farzand edi. Besh qiz ichida tug‘ilgan yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun unga boshqacha munosabatda bo‘lishardi. “O‘sha vaziyatda qaynonamga qanchalik og‘ir bo‘lganini endi tushunyapman. Ammo to‘ydan 10 kungina ular bilan yashab, Toshkentga qaytib kelganmiz. Qaynonam “Yolg‘iz kelinim xizmatimni qilsin”, demagan. Aksincha, uzoq davom etadigan syomkalar bo‘lsa Toshkentga kelib bolalarimga qarab turardi, deydi aktrisa Saida Rametova.
“Yoqmagan va ijro etishni istamagan rollarim”
Aktrisa faoliyati davomida o‘ziga yoqmagan va muvaffaqiyatsiz bo‘lgan rollari haqida ham gapirib berdi.
Foto: Instagram
— “Uqubat” filmida qo‘shmachi ayol rolini ijro etganman. Rosti bu rol o‘zimga umuman yoqmagan. Syomkadan avval ham “Kelinglar shu rolni men ijro etmay”, deganman. Ammo “Sizni boshqa qiyofada kashf etmoqchiman”, degandan keyin noiloj rozi bo‘lganman. Keyin teatrda “Yetti faryod” nomli spektaklda asosiy rollardan birini berishgan. Unda aktrisa Sayyora Yunusova bilan dublyor edim. Rol yaxshi, ammo unda o‘zimni topolmaganman. To‘rt oy repetitsiya qilganmiz, endi premyerasi bo‘ladi deganda rahbarlarga uzrimni aytib, sahnaga chiqmayman deganman. Chunki bu rol Sayyora Yunusova uchun yozilgandek edi. Oradan ancha yillar o‘tib, “Tun, albatta, o‘tadi” spektakli sahnalashtiriladigan bo‘ldi. Unda yana Sayyora Yunusova bilan dublyor bo‘ldik. Bu vaziyatda Sayyora opa mardlik qilib “Bu rol Saidaniki, men undek ijro etolmayman”, dedi, deydi aktrisa Saida Rametova.
“Liftda ko‘zim yorigan”
Saida Rametovaning liftlar bilan bog‘liq xotiralari juda ko‘p. Hayotidagi eng yorqin ikkita voqea aynan liftda sodir bo‘lgan ekan.
Foto: Instagram
— Jumadulla Rametov ilk bor sevgi izhorini liftda aytgan. Keyin oradan yillar o‘tib, o‘g‘lim Azizbek liftda dunyoga kelgan. O‘shanda Chorsudagi yangi uyga ko‘chgan edik. Jumadulla Rametov ishda, qaynonam rahmatli Turkistonda edilar. Uy ishlarini qilayotganimda ahvolimda o‘zgarish sezib, darrov Jumadulla akaga telefon qildim. Shifoxonaga olib borsalar “Hali tug‘ruqqacha 10-15 kun bor” deyishdi, uyga qaytdik. Uyda yana mazam bo‘lmay, “Jumadulla aka, tez keling”, dedim. Doyamiz koreys ayol “Tez uchinchi qavatga olib chiqing”, dedi. Uchinchi qavatga chiqayotganimda liftda ko‘zim yorigan. Azizga har doim “Sen liftda tug‘ilgansan”, deyman, deydi aktrisa Saida Rametova.
Saida Rametova kimga yoqmay qolgan?
Saida Rametovani bir muddat teatrdan chetlashtirishgan. O‘sha vaqtda baʼzi OAVda aktrisa teatr tomoshabinini emas, balki to‘yni ma’qul ko‘rgani va spektaklga kelmagani haqida yozishgandi.
Foto: Instagram — Rahmatli Fathulla Mas’udov meni teatrga qaytardi. Undan avval “To‘yga chiqadigan aktrisalar teatrdan chetlashtiriladi”, deyilgandi. Asl vaziyat qanday bo‘lganini hamkasblarim yaxshi bilishadi. Ha, balki shunisi to‘g‘ridir deb katta majlisda ham indamadim. Hamma ayb menda deb turaverdim. Ammo to‘y sabab chetlashtirilgan aktrisa faqat men bo‘ldim. Masala men bilan ochilib, men bilan yakunlandi. O‘shanda juda qiyin vaziyatga tushib qoldim. Rahmatli Murod Rajabov o‘sha vaqtda “Muqumiy” teatrida direktor edi. “Kel ikkimiz rol ijro etamiz”, deb teatrga ishga taklif qildi. “Otasining qizi” spektaklida ona rolini ijro etib, repetitsiyalarda qatnashib yurdim. Ammo sahnaga chiqish nasib etmadi. Otaxon teatri yana ishga taklif qildi, chunki tomoshabinlar “Andishali kelinchak” spektaklida meni ko‘rishni istashgan ekan, deydi aktrisa Saida Rametova.
“Siz og‘ir kasalsiz”
— “Jaloliddin Manguberdi” serialining birinchi mavsumi suratga olinayotgan paytda uydagilar turmush o‘rtog‘imning salomatligi yomonlashgani haqida xabar berdi. Bir mahal mening ham mazam qochdi. Chap tomonim og‘rigani uchun shamol tegdi deb o‘ylagandim. Bir kuni Tohir Saidov “Opa, qo‘limni shamollatdim shekilli og‘riyapti, shifokorga ko‘rinib kelaman”, dedi. O‘sha kuni mening ham syomkam yo‘q edi, unga ergashdim.
Foto: Instagram
Tohir shifokor ko‘rigidan tez chiqdi. Haqiqatan ham qo‘lini shamollatgan ekan, bittagina maz yozib berishibdi. Meni esa u shifokor, bunisini, keyin yana boshqasiga jo‘nataverdi. Oxiri “Nima gap, nega meni buncha tekshirishyapti”, deb yuragimga g‘ulg‘ula tushdi. Tohir ham hech narsani gapirolmay, jim bo‘lib qoldi. Turk professori “Saidaxonimga haqiqatni aytish kerak”, dedi. Turk tilini biroz bo‘lsa-da bilganim uchun uning gaplarini tushunishim qiyin kechmadi. “Senda ikkinchi bosqichdagi ko‘krak saratoni aniqlandi. Shuning uchun chap tomoning og‘riq bergan. Endi barcha syomkalarni to‘xtatib, seni operatsiya qilib davolaymiz”, dedi. U professor ko‘rigiga kirish uchun bemorlar to‘rt oylab navbatda turishganini ko‘rganim uchun darrov rozi bo‘ldim.
O‘zbekistondan borganimiz va tashkilotchilarning yordami bilan u shifokor ko‘rigiga kirishim oson kechdi. Bundan tashqari serial prodyuseri Mehmet Bo‘zdag‘ “Hamma sharoitlarni yaratib beramiz, sog‘aysang bo‘ldi”, dedi. O‘shanda ham rolni tashlab ketishga ko‘zim qiymay “Suratga olish ishlari tugasin, keyin boraman”, desam shifokor tanbeh berdi. “Saraton tez rivojlanadi, senga quyosh mumkin emas. Sog‘ bo‘lsang hammasi bo‘laveradi”, deb tushuntirdi, deydi aktrisa Saida Rametova.
“O‘ligim bu yerda qolib ketmasin”
Saida Rametova nega Turkiyada davolanishni istamay, O‘zbekistonga qaytganini quyidagicha izohladi.
Foto: “Daryo” — Mehmonxonaga kelib, 15-20 daqiqalar ko‘zim ilinibdi. Qulog‘imga kimdir “Ket-ket” degandek bo‘ldi. Cho‘chib uyg‘onib ketdim va Turkiyada aktyorlarga g‘amxo‘rlik qilgan tashkilotchi Farhod Badalovga ketishga qaror qilganim haqida aytdim. “Opa, davolanish uchun odamlar Turkiyaga keladi-ku, hammamiz yoningizda bo‘lamiz”, dedi. Rayhon Ulasenova, Raʼno Shodiyeva, Feruza Normatova va Yulduz Rajabovalar bir kundan yonimda turishga kelishib olishgan ekan. Hammaga rahmat aytib, ko‘nglim bu yerdan ket deyotganini aytdim. “Reys yo‘q opa”, deb u vaziyatni tushuntirishga urinishdi. “Mabodo o‘lib qolsam o‘ligim shu yerda qolib ketadimi? Samolyot uchmayotgan bo‘lsa bolalarim ham bu yerga kelisholmaydimi?” deb xayolimdan o‘tkazdim. Nolalarimni Yaratgan eshitdimi bilmadim, ikki kundan keyin O‘zbekistonga charter-reyslarning qatnovi boshlandi. Yodgor Sa’diyevning maslahati bilan Toshkent onkologiya kasalxonasiga borib, davolanishlarni boshladim, deydi aktrisa Saida Rametova.
“Tushkunlikka tushganim yo‘q”
Aktrisa kasallikka taslim bo‘lmagani, davolanayotgan paytida ham xalq xizmatidan chetda qolmaganining sabablarini ham aytib o‘tdi.
— “Voy men kasal ekanman”, deb yotib olmadim. Faqat harakatda bo‘ldim, teatrga ham, to‘yga ham boraverdim. Tushkunlikka tushmay sog‘ayib ketishimga ishondim. Pozitiv kayfiyatda bo‘lishga va ruhimni tushirmaslikka harakat qildim. Kimyo terapiya olgandan keyin ikki-uch kun o‘tib, tadbirlarga ham boraverardim. Davolovchi shifokorlarim ham hayron bo‘lib “Bunaqa bemorni ko‘rmaganmiz”, deyishardi. Ana shunday qiyin vaziyatda qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimga minnatdorlik bildiraman. Bu kasal-ku, deb chetga surib qo‘yishgani yo‘q. Qaysi davraga kirib bormay, duo qilib, moddiy ko‘mak ham berishdi, deydi aktrisa Saida Rametova.
Saida Rametova salomatligi tiklangach, kenja o‘g‘li Aziz Rametovni uylantirdi. Faqat shu yili turmush o‘rtog‘i Jumadulla Rametov Alsgeymer kasalligining og‘ir darajasi bilan kurashayotgani ma’lum bo‘ldi.
Karantin vaqtida u virus bilan kasallangan, so‘ng sog‘aygan bo‘lsa-da, asta-sekin xotira yo‘qotish holati kuzatila boshlagan. Saida Rametovaning so‘zlariga ko‘ra, Jumadulla Rametov avvaliga kichik narsalarni esidan chiqargan, keyin “Hozir uydamanmi, teatrdamanmi?” deb so‘raydigan bo‘lgan. Bundan xavotirlangan oila a’zolari aktyorni shifokorga olib borgan. Vrachlar keksayib qolgan aktyorga xotira sustlashishi, ya’ni Alsgeymer kasalligi tashxisini qo‘ygan, buni avval koronavirusga chalinganlik asorati bilan bog‘lagan.
— Ketma-ket kelgan dard oilamizni shoshirib qo‘ydi. Hozirda turmush o‘rtog‘im nafaqa oladi, avvalroq ishlamasa ham, teatrdan oylik berilayotgandi. Yo‘q, teatrga ishga bormayapman, oylik kerakmas, menikini ham yoshlarga berishsin, degan. Shuncha yil ishladingiz, sizni siylashyapti, desam ham ko‘nmagan. Men to‘y xizmatlari yoki syomkalar sabab teatrga borolmagan kunlarim bo‘lgan. Ammo Jumadulla Rametov biror marta teatrga xiyonat qilmagan inson.
Men kasallikka taslim bo‘lganim yo‘q, nasib qilsa turmush o‘rtog‘im ham bu dardni yengib o‘tadi. Buning uchun oilamiz bilan kurashyapmiz, deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova.
Saida Rametovaga shuncha yil ijod qildingiz, xalqning ko‘nglidan joy oldingiz va shuning evaziga ko‘plab mukofotlar, unvonlar sohibi bo‘ldingiz — shu unvonlaringizni birgina orzuyingiz amalga oshishi uchun almashish imkoni bo‘lsa, bu nimaning evaziga bo‘lardi, degan savolga aktrisa:
“Turmush o‘rtog‘imning butunlay sog‘ayib ketishiga borimni almashardim”, deya ko‘zlarida yosh bilan javob bergan.
“Niyatlarim ijobat bo‘ldi”
Aktrisa Saida Rametovaga 2025-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni berildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu unvonni o‘zidan ham ko‘p muxlislari kutgan.
Chunki hali mendan oldin bu unvonni oladigan ustozlarimiz bor edi. Avval shu ustozlarimiz mukofotlansa, keyin bizga navbat keladi, deb yurardim. Kutilmaganda bunga erishaman, deb o‘ylamagandim. Qo‘ng‘iroq qilib aytishganida yolg‘on axborot bo‘lsa kerak, YouTube’ga shunday deb chiqarishgandir-da, dedim. Farmonni ko‘rsatganlarida rostdanmi, deb ham xursand bo‘lyapman, ham ko‘zimdan duv-duv yosh oqyapti. O‘sha kuni Samarqandda to‘y xizmatida edim. Kelin-kuyov qolib, hamma meni tabrikladi. Demak, muxlislar ham shu damni mendan ko‘ra ko‘proq kutishgan ekan, deb o‘yladim.
Meni eng hayajonga solgan, o‘zim orzu-niyat qilgan kun prezidentning qo‘llaridan shu unvonni qabul qilib oldim. Bundan juda xursand bo‘ldim. Chunki agar xalq artisti unvonini olsam, mukofotni prezidentning qo‘llaridan olay, deb niyat qilib yurardim. Nafaqat bir o‘zim, balki 90 yoshli onajonim ham har kuni shunday duo qilardilar. Mana, onamning duolari ham ijobat bo‘ldi. Unvonni qabul qilib olayotganimda mendan-da baxtli odam yo‘q edi, degan edi aktrisa.
Ammo 2026-yilning avgust oyida Saida Rametova og‘ir judolikka uchradi. Uning volidasi Zahroxon ona Soliyeva 90 yoshida vafot etdi.

