“Toshshahartransxizmat” haydovchilarning maosh bo‘yicha eʼtirozlarini o‘rganadi

“Toshshahartransxizmat” haydovchilarning maosh haqidagi eʼtirozlarini o‘rganadi
Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchilarining oylik maoshi kechikayotgani hamda to‘lovlarda noaniqliklar borligi haqidagi eʼtirozlari aks etgan videolar tarqaldi. “Toshshahartransxizmat” bu holat yuzasidan izoh berib, eʼtirozlarni o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tuzilishini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, “Toshshahartransxizmat”ga qarashli sakkizta avtobus saroyida ishlaydigan haydovchilarning maoshi ishlangan oy tugagach hisoblab chiqiladi.
Keyingi oyning 1-sanasidan 10-sanasigacha haydovchining bir oy davomida ishlagan soatlari, bajargan qatnovlari soni va muntazamligi tekshiriladi.
Shundan so‘ng haydovchining bir oy mobaynida yo‘nalishda harakatlanish vaqtida sodir etgan qoidabuzarliklari ham o‘rganiladi. Barcha maʼlumotlar jamlangach, keyingi oyning 10-sanasidan maoshning aniq hisobi chiqariladi. So‘ng haydovchilarga belgilangan maosh to‘lana boshlaydi.
“Toshshahartransxizmat” avgust oyi uchun hisoblangan maoshlar barcha haydovchilarga 15-sentyabrdan boshlab to‘lana boshlaganini bildirdi.
Videomurojaatdagi eʼtirozlarni tekshirish uchun jamiyatning masʼul xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzilgan. Haydovchilarning eʼtirozlari birma-bir ko‘rib chiqilib, kamchiliklar aniqlansa, masʼullarga belgilangan tartibda chora ko‘riladi.
Tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot berilishi aytilgan.

