Toshkentning Mirobod koʻchasida sayr qilish va umumiy ovqatlanish uchun sharoitlar yaratiladi (+eskizlar va foto)
Toshkentda Mirobod koʻchasining bir qismi rekonstruktsiya qilinadi. Loyihani aholiga tuman hokimi Anvar Sayfutdinov taqdim etdi. Birinchi qavatdagi biznes obʼyektlarida yagona dizaynga ega terrasalar paydo boʻladi. Piyodalar yoʻlagi kengaytiriladi, veloyoʻlak qatnov qismiga chiqariladi, yangi daraxtlar va butalar ekiladi. Eskizlar va foto.

Toshkentdagi Mirobod koʻchasida sayr qilish va umumiy ovqatlanish uchun sharoitlar yaratiladi (+eskizlar va foto)
Toshkentda Mirobod (Gospital) bozoriga tutashgan Mirobod koʻchasining bir qismini rekonstruktsiya qilish boshlandi. TUman hokimi Anvar Sayfutdinov juma kuni boʻlib oʻtgan eshituvda aholiga loyiha haqida soʻzlab berdi.
Birinchi bosqichda oʻzgarishlar 39A-sonli toʻqqiz qavatli turar joy binosi atrofidagi hududga daxldor boʻladi. Binoning birinchi qavatida tadbirkorlik obʼyektlari, jumladan, umumiy ovqatlanish shoxobchalari joylashgan.
Hokimning maʼlum qilishicha, ilgari bu yerda noqonuniy qurilgan terrasalar olib tashlangan edi. Endilikda davlat-xususiy sheriklik asosida hamda shaharning dizayn-kodini hisobga olgan holda yangi terrasalar barpo etiladi va tadbirkorlar ulardan oʻz faoliyatini kengaytirish uchun foydalanishlari mumkin boʻladi. Yomgʻir yoqqanda aholiga noqulaylik tugʻdirmasligi uchun terrasalarning tomi shovqinni yutuvchi materialdan tayyorlanadi.
«Tadbirkorlik uchun sharoitlar — bu yangi ish oʻrinlari, byudjetga yangi soliq tushumlari va demak, mahalla byudjetiga uning ehtiyojlari uchun sarflanadigan qoʻshimcha tushumlardir», — dedi Anvar Sayfutdinov.
U, shuningdek, Toshkentda soʻnggi yillarda rekonstruktsiya qilingan barcha koʻchalarda tashrif buyuruvchilar, jumladan, turistlar soni, tadbirkorlarning daromadlari, shuningdek, koʻchmas mulk qiymati ortib borayotganini taʼkidladi. Misol tariqasida u Taras Shevchenko va Oʻzbekiston ovozi koʻchalarini keltirdi.
Tuman rahbarining maʼlum qilishicha, koʻchada toʻsiqsiz muhit paydo boʻladi, piyodalar yoʻlagi esa velosiped yoʻlakchasini qatnov qismiga koʻchirish hisobiga kengaytiriladi. Bu tramvay liniyasi tugatilgandan soʻng kengaygan avtomobillar maydonini toraytiradi va tartibga soladi.
Piyodalar yoʻlagi va qatnov qismi oʻrtasidagi keng yashil hudud yagona obodonlashtirilgan qiyofaga ega boʻladi: bu yerda qoʻshimcha daraxt va butalar ekiladi (doimiy parvarishni talab qiladigan gullar emas, deb taʼkidladi hokim), stollar, shuningdek, oʻtib ketuvchilar va aholi hordiq chiqarishi uchun oʻrindiqlar, chiqindi qutilari, yoritish tizimi, kameralar va «tashvish tugmachalari» oʻrnatiladi.
Koʻchaning butun uzunligi boʻylab piyodalar yoʻlagi bir sathda boʻladi, piyodalar oʻtish joylari balandroq qilinadi, qatnov qismi toraytiriladi va koʻchada boʻlish yoqimli holga keladi.
«Ilgari koʻchani kengaytirsak, tirbandliklar kamayadi, deb hisoblanardi, ammo Oʻzbekiston ovozi koʻchasiga qarang — u yerda harakatlanish bir boʻlakli, lekin harakat toʻxtab qolmaydi, chunki chorrahalar, jumladan, ulardan biridagi aylana harakat toʻgʻri loyihalashtirilgan», — dedi hokim.
Rekonstruktsiyaning birinchi bosqichi yakunlangach, ishlar Grand Mir mehmonxonasi yonidagi aylana harakat tomonga yoʻnaltirilgan koʻchaning boshqa uchastkalarini ham qamrab olishi kerak.
«Gazeta» muxbirining piyodalar yoʻlagi avtoturargoh bilan birlashtirilgan Mirabad Avenue turar joy majmuasi qarshisidagi hududda piyodalar uchun qulayliklar yaratiladimi, degan savoliga Anvar Sayfutdinov ijobiy javob berdi.

