Toshkentning Ko‘kcha darvoza ko‘chasida ham “yashil to‘lqin” ishga tushirildi
Toshkentning Ko‘kcha darvoza ko‘chasining 7 kilometrlik qismida 16 ta svetoforni birlashtirgan 'yashil to‘lqin' tizimi ishga tushirildi. Yangi tizim evaziga haydovchilar ushbu yo‘nalishdagi har bir qatnovda odatdagidan o‘rtacha 8 daqiqa vaqtni tejash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Toshkentning Ko‘kcha darvoza ko‘chasida ham “yashil to‘lqin” yo‘lga qo‘yildi
Toshkent shahrining Ko‘kcha darvoza ko‘chasi bo‘ylab transport harakatiga ketadigan vaqtni o‘rtacha 40 foizga kamaytiradigan “yashil to‘lqin” muvofiqlashtirilgan svetoforlar tizimi ishga tushirildi.
Ko‘chaning 7 kilometrlik qismida joylashgan 16 ta svetofor obyekti yagona va muvofiqlashtirilgan tizimga ulandi. Haydovchi oqimda belgilangan ruxsat etilgan tezlikda harakat qilsa, keyingi svetoforlarda ham yashil chiroq ketma-ket yonib, muayyan yo‘nalishda ortiqcha to‘xtashlarsiz harakatlanish ta’minlanadi.
Tizim ish rejimlari shahardagi transport oqimining kundalik maromiga moslashtirilgan. Xususan, ertalab va kunduzi soat 07:00 dan 17:00 ga qadar “yashil to‘lqin” shahar markazi tomon yo‘naltiriladi. Kechqurungi tig‘iz vaqtda, ya’ni soat 17:00 dan 24:00 gacha esa asosiy to‘lqin markazdan chiqish yo‘nalishiga sozlanadi.
Markaz ta’kidlashicha, tig‘iz bo‘lmagan vaqtlarda o‘tkazilgan o‘lchovlar “yashil to‘lqin” tufayli yo‘lga ketadigan vaqt o‘rtacha 40 foizga yoki har bir qatnovda 8 daqiqaga qisqarganini ko‘rsatgan.
“To‘xtashlar sonining kamayishi keskin tormozlanish va qayta tezlashishning oldini olib, yoqilg‘i tejalishiga hamda atrof-muhitga chiqadigan zararli gazlar miqdori kamayishiga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Markaz mutaxassislarining ta’kidlashicha, tizimdan samarali foydalanish uchun maxsus harakatlar talab etilmaydi. Asosiy shart — ruxsat etilgan tezlik me’yoriga qat’iy rioya qilishdir, chunki tezlik oshirilgan taqdirda avtomobillar navbatdagi svetoforning qizil chirog‘iga tezroq yetib boradi, xolos.
Avvalroq tizim Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida (13 ta chorraha), Amir Temur xiyoboni atrofida, Kichik halqa yo‘lining kichik qismida, Shota Rustaveli va Maxtumquli ko‘chalarida joriy etilgandi.

