Mahalliy

Toshkentning barcha tumanlarida yirik kutubxonalar quriladi - hokim

Shavkat Umrzoqovga ko‘ra, poytaxtning 12 ta tumanida quriladigan yirik va zamonaviy kutubxonalar uchun allaqachon joylar belgilab olingan. “Eng ilg‘or mamlakatlarda kutubxonalar – shaharning eng sevimli maskanlaridan biri bo‘ladi. Rivojlanishda yangi bosqichga chiqmoqchi ekanmiz, poytaxtimizda ham kutubxonalar eng ko‘rimli va shinam maskanlarga aylanishi shart”, dedi Toshkent hokimi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning ma’lum qilishicha, poytaxtning barcha 12 ta tumanida yirik va zamonaviy kutubxonalar barpo etiladi, ularning joylashuv nuqtalari allaqachon aniqlangan.

Hokim O‘zAga bergan intervyusida shunday dedi: “12 ta tumanning har birida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxona qurish rejalashtirilgan, joylari allaqachon belgilangan. Bilasizmi, maqsadimiz – shunchaki kitob saqlanadigan bino qurish emas, balki yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan va o‘zining ilmiy-ma’naviy ehtiyojlarini qondira oladigan jamoat makonini yaratishdir”.

Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi barcha 585 ta mahallada bosqichma-bosqich kitob burchaklari ham tashkil etiladi.

27-iyul kuni imzolangan prezident qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etish majburiy etib belgilandi.

“Eng ilg‘or mamlakatlarda kutubxonalar – shaharning eng sevimli maskanlaridan biri bo‘ladi. Rivojlanishda yangi bosqichga chiqmoqchi ekanmiz, poytaxtimizda ham kutubxonalar eng ko‘rimli va shinam maskanlarga aylanishi shart. Hattoki gavjum va turistik ko‘chalarimizda ham imtiyozli shartlarda kitob do‘konlari va kitob kafelari ochiladi”, – deya ta’kidladi hokim.

Shuningdek, u tarixan kitob savdosining markazi bo‘lgan joyni mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantirish rejalashtirilganini aytdi. Joriy yil iyulida majmuaning tarixiy qiyofasini to‘liq tiklash e’lon qilingan bo‘lib, loyiha kitobxonlar va jamoatchilik muhokamasi bilan amalga oshiriladi.

Hokimning fikricha, infratuzilmaning o‘zi yetarli emas, rag‘bat ham kerak.

Yuqoridagi qarorda, shuningdek, kitoblar savdosini tashkil etish uchun taqdim etiladigan munitsipal mulklar (bino va inshootlar) Toshkent shahar hokimi qarori bilan kitob savdogarlariga 5 yil muddatga tekin foydalanish huquqi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Farg‘onada kutubxonalar soni keskin kamaygan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.