Toshkentning 62 ta ko‘chasida sayr hududlari va gavjum ko‘chalar tashkil etish uchun 22 mlrd ajratiladi
Loyihalar doirasida poytaxt ko‘chalarini obodonlashtirish, sayr hududlarini tashkil etish va piyodalar uchun qulay muhit yaratish

Toshkentning 62 ta ko‘chasida sayr hududlari va gavjum ko‘chalar yaratish uchun 22 mlrd so‘m ajratiladi
Toshkent shahrida sohilbo‘yi hududlar, gavjum ko‘chalar, turizm mahallalari, festival ko‘chalari hamda soyali sayr ko‘chalarini tashkil etishga doir loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda shaharni rivojlantirish jamg‘armasidan 22,146 mlrd so‘m ajratish taklif qilingan. Tegishli qarorni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov imzolagan.
Hujjatga ilova qilingan manzilli ro‘yxatga muvofiq, ishlar poytaxtning barcha tumanlaridagi 62 ta hududni qamrab oladi. Jumladan, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Mirobod tumanlarida gavjum ko‘chalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa va Chilonzor tumanlaridagi ayrim ko‘chalarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ro‘yxatda sayr hududlari tashkil etiladigan ko‘chalar ham bor. Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Shahrisabz va Mingbuloq ko‘chalarining ayrim qismlari, Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasi, Yashnobod tumanidagi Beshariq va Sultoni Ma’shhadiy ko‘chalari shular jumlasidan. Shayxontohur tumanida esa Anhor bo‘yi loyihasi doirasida sohilbo‘yi ko‘chasini tashkil etish belgilangan.
Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun mablag‘larni Toshkent shaharni rivojlantirish jamg‘armasidan ajratish taklif qilinmoqda. Mablag‘lar shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga yo‘naltirilishi, asosiy loyihachi va pudratchilar esa belgilangan tartibda tanlanishi ko‘zda tutilgan.
Mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining Toshkent shahar boshqarmasi amalga oshirishi belgilangan.

