Mahalliy

Toshkentdagi Salar kanalidan ko‘plab nobud baliqlar oqib o‘tdi

Toshkentdagi Ekopark yaqinidan oqib o‘tuvchi Salar kanalida turli hajmdagi, jumladan, dekorativ baliqlarning ommaviy nobud bo‘lgani aniqlandi. Kun davomida buning sabab va manbasini aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Hokimlik vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Gazeta muxbiri voqea joyidan reportaj tayyorladi.

Toshkentdagi Salar kanalida ko‘plab nobud baliqlar oqib ketdi

Toshkent shahridagi Salar kanalida o‘lik baliqlar suv bilan oqib ketgani kuzatildi. Gazeta`ga yuborilgan videolarda soat 13:30 lar atrofida Ekopark bog‘ining janubiy qismi, Salar kanalining Maxtumquli va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishgan joyida mitti baliqlardan tortib o‘rtacha kattalikdagi baliqlargacha nobud holatda ko‘rindi.

Kanalning sayoz joylarida shox-shabbalarga ilinib qolgan baliqlar ham bor edi. Biz kanalning Ekopark bog‘i hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy bog‘dan oqib o‘tadigan qismlarini ko‘zdan kechirdik. Ekopark bo‘ylab kanal atrofida suvda oqib ketayotgan ko‘plab o‘lik baliqlarga guvoh bo‘ldik.

Markaziy bog‘ tomonda Yaponiyadan keltirilgan, rangli baliqlar boqiladigan ko‘l mavjud. Dastlab, kanalda oqib kelgan baliqlar shu ko‘lga tegishli degan taxmin bor edi. Biroq bog‘ ma’muriyati buni inkor etdi.

Shuningdek, bog‘ egalarining aytishicha, kanalning Markaziy bog‘gacha bo‘lgan qismida qurilish ishlari ketmoqda, qazish ishlari sabab baliqlar nobud bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Kanal bo‘yida yashovchilarning so‘zlariga ko‘ra, u yerda bir haftadan buyon qurilish davom etmoqda. Suvda esa baliqlarga ko‘z tushmadi. Shu tariqa, nobud bo‘lgan baliqlar qayerdan boshlab oqib kelayotgani noma’lumligicha qoldi.

Kanal bo‘yiga Toshkent shahri Ekologiya boshqarmasi monitoring bo‘limining tahliliy laboratoriyasi xodimlari kelib, suvdan namuna oldi. Laboratoriya xodimining ta’kidlashicha, tahlil natijalari 4−5 kunda tayyor bo‘ladi.

“Bizda faqat kimyoviy analiz qilinadi, kanallarga xos analiz. Azot guruhlari, pH muhiti, quruq qoldiqlar, muallaq moddalar, sulfat va xlorid tuzlar tahlili amalga oshiriladi. Bizda baliqdan namuna analiz qilinmaydi, laboratoriyamiz oqova suvini tahlil qilishga ixtisoslashgan”, — dedi mutaxassis Hidoyat Jo‘raboyeva.

Toshkent shahri hokimligining Gazeta`ga ma’lum qilishicha, Ekopark va katolik cherkovi yaqinidagi Salar kanali bo‘yidagi vaziyat allaqachon shahar hokimligi tomonidan nazoratga olingan. Hozirda Ekologiya boshqarmasi tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablari, ifloslantirish manbalari aniqlab, atrof-muhitga ta’sirini baholaydi.

Agar qoidabuzarliklar aniqlansa, materiallar belgilangan qonunchilikka muvofiq huquqiy baholash va qaror qabul qilish uchun vakolatli organlarga topshiriladi, deya munosabat bildirdi shahar hokimligi matbuot xizmati.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.