Texnologiya

Toshkentdagi maktablarda aqlli kameralar o‘rnatish boshlandi

Toshkent maktablarida "Aqlli maktab" tizimi doirasida aqlli kameralar o‘rnatish ishlari boshlandi. Bu haqda 14-avgust kuni poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilida "Sergeli tajribasi" loyihasi doirasida "Aqlli maktab" tizimini joriy etishning birinchi bosqichi sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9–11-sinf xonalaridan jami 345 tasining 177 tasiga zamonaviy aqlli kameralar o‘rnatildi.

Ushbu loyiha o‘quvchilar davomatini avtomatik aniqlash, maktab xavfsizligini oshirish, begona shaxslarni aniqlash va o‘quvchilarning darsdagi faolligini tahlil qilish imkoniyatlarini yaratadi. O‘rnatilgan kameralar maxsus dasturiy ta’minot orqali Sergeli tuman hokimligida tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.

Rejaga muvofiq, qolgan sinf xonalariga kameralarni o‘rnatish va ularni Vaziyatlar markaziga integratsiya qilish ishlari 2026-yil 25-avgustga qadar yakunlanadi.

"Sergeli tajribasi" doirasida shakllantirilayotgan ushbu tizim kelgusida Toshkent shahridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablariga bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Sergeli tumani hokimligi axborotida qayd etilishicha, o‘quvchilar davomati hamda maktabga kirish-chiqish jarayonlari aqlli kameralar yordamida avtomatik nazorat qilinadi. Shuningdek, farzandlarning kelib-ketishi haqida ota-onalarga tezkor xabar yuborish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Maktablarda davomatning aqlli kameralar orqali nazorat qilinishi may oyida ma’lum qilingan edi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bu tizim nafaqat maktab jamoasi, balki ota-onalarning ham o‘z farzandlarining taʼlim olishi va darslarga qatnashishini onlayn nazorat qilish, shuningdek, ularning xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.