Toshkentdagi dorixonalarda yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar sotilayotgani aniqlandi
Telegram botda joylashtirilgan dori vositalari haqidagi e’lonlar asosida Toshkent shahridagi qator dorixonalarda tekshiruvlar o‘tkazilgan. Reyd jarayonida jiddiy qonunbuzarliklar fosh etilgan.

Toshkent shahridagi dorixonalarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida yaroqlilik muddati o‘tgan va sertifikatlanmagan dorilar sotilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi axborot xizmati xabar berdi.
Markaz tomonidan "Arzon apteka" Telegram botidagi e’lonlar asosida Toshkentdagi bir qator dorixonalarda tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada, 4 ta dorixonada muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan 86 turdagi dori vositasi aniqlanib, savdodan olib tashlandi. Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida 5 turdagi yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari ham sotuvda turgani aniqlandi.
Markazning ta’kidlashicha, bunday dorilarni iste’mol qilish kutilmagan va jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, dori vositasining yaroqlilik muddati, saqlash sharoiti, sifati va qonuniy muomalasi nazorat qilinmagan bo‘lsa, inson salomatligi uchun real xavf tug‘diradi.
Bundan tashqari, yana bir holatda, dorixona dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana sotish uchun berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugagan bo‘lishiga qaramay, faoliyatini davom ettirayotgani aniqlandi.
Markaz fuqarolarni dori vositalarini faqat qonuniy faoliyat yuritayotgan dorixonalardan xarid qilishga, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali e’lonlarga ishonmaslikka chaqirdi. Shuningdek, dori vositasining qonuniyligi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.

