Mahalliy

Toshkentda YPX inspektorini BMW mashinasida urib yuborgan maktab oʻquvchisi 2 yilu 4 oyga qamaldi

Toshkentdagi sud 16 yoshli maktab oʻquvchisini 2 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Fevral oyida u haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan holda, BMW M4 mashinasida YPX inspektorini urib yuborgan edi. Keyinchalik xodim vafot etgan. Oʻsmir oʻlimga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazishda aybdor deb topildi.

Toshkentda BMW mashinasida YPX inspektorini urib yuborgan maktab oʻquvchisi 2 yil-u 4 oyga qamaldi

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudi D. Turgunovga 2 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Aynan u fevral oyida Toshkentda BMW M4 avtomobilida YPX xodimini urib yuborgan, oqibatda inspektor keyinchalik vafot etgan edi.

Jinoyat ishi yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi. Hodisa sodir boʻlgan vaqtda 2010 yilda tugʻilgan Turgunov xususiy maktabning 10-sinfida tahsil olayotgan edi.

Sud uni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topdi.

Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashni tartibga soluvchi JKning 85-moddasi inobatga olinib, oʻsmirga 2 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jazo muddati unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan kun — 2026 yil 27 fevraldan boshlab hisoblanadi.

«Gazeta» 25 fevral kuni kechqurun Toshkent markazidagi Nukus koʻchasida haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan 16 yoshli maktab oʻquvchisi boshqaruvidagi BMW M4 avtomobili Yoʻl-patrul xizmati xodimini urib yuborgani haqida xabar bergan edi.

Huquq-tartibot idoralaridagi manba maʼlumotlariga koʻra, inspektor ratsiya orqali qoidabuzarlik bilan harakatlanayotgan avtomobil haqida xabar olgan va uni toʻxtatish choralarini koʻrmoqchi boʻlganida, mashina uni urib yuborgan.

YPX xodimi, kichik serjant Hosilbek Beknazar oʻgʻli Eshnazarov ogʻir jarohatlar olib, shifoxonaga yotqizilgan. U avariyadan keyin hushiga kelmay, shifoxonada vafot etgan. Prezident uni vafotidan keyin «Jasorat» medali bilan mukofotladi.

Dastlab Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan JKning 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlishi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.

Keyinchalik ish JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) boʻyicha koʻrib chiqila boshlandi.

Shuningdek, oʻsmirning ota-onasi muqaddam ikki marta maʼmuriy javobgarlikka tortilgani xabar qilingan edi.

2025 yil sentyabr oyida maktab oʻquvchisining darslarni qoldirgani sababli, 2026 yil yanvarida esa avtomobilni oʻzboshimchalik bilan boshqargani va Yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzganidan keyin choralar koʻrilgan.

IIV, shuningdek, BMW M4 avtomobili 2002 yilda tugʻilgan Leyla Atadiyanovaga tegishli ekanini maʼlum qilgandi. Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, u 2024 yildan buyon 18 marta avtomobillarni haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan shaxslarga boshqarish uchun topshirgan va 37 marta boshqa qoʻpol YHQ buzilishiga yoʻl qoʻygan.

Fevral oyidagi toʻqnashuvdan soʻng, oʻsmir IIV tomonidan eʼlon qilingan videoda muqaddam avtomobilni boshqargani uchun ogohlantirish olganini tan olgan.

«Oʻtgan safar xodimlar meni ogohlantirishgandi. Men boshqa mashina haydamayman deb vaʼda bergandim. Lekin yana qoidani buzib, rulga oʻtirdim. Mening barcha harakatlarim notoʻgʻri. Men jabrlangan xodimdan, uning oʻzidan, oilasidan, ota-onasidan uzr soʻrayman», — degan edi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.