Toshkentda velosiped va skuterlar uchun alohida yo‘laklar ko‘payishi mumkin
Poytaxtning Lutfiy ko‘chasida mikromobillik vositalari uchun alohida harakatlanish yo‘lagi sinov tariqasida tashkil etildi

Toshkentda velosiped va skuterlar uchun alohida yo‘laklar soni ortishi ehtimoli bor
Toshkent shahrida mikromobillik vositalari uchun alohida harakatlanish yo‘lagi sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyiha Lutfiy ko‘chasining 2,4 kilometrlik qismida amalga oshirildi.
Mazkur yo‘lak velosiped, elektrosamokat, elektroskuter va boshqa mikromobillik vositalarining harakati uchun mo‘ljallangan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mikromobillik vositalari uchun alohida infratuzilma bo‘lmagan taqdirda ular yo‘lning qatnov qismida avtomobillar, trotuarlarda esa piyodalar bilan bir makonda harakatlanishga majbur bo‘ladi. Bu esa turli harakat ishtirokchilari o‘rtasida noqulaylik va xavf tug‘dirishi mumkin.
Lutfiy ko‘chasidagi pilot loyiha mikromobillik vositalari uchun alohida infratuzilma yaratish imkoniyatlarini amalda baholashga imkon berdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, yo‘lak foydalanuvchilar uchun qulay va tushunarli ekani qayd etilgan.
Kelgusi loyihalarda bunday yo‘laklarning xavfsizligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Yo‘l sharoitidan kelib chiqib, mikromobillik yo‘laklarini avtomobillar harakatidan deliniatorlar, ajratuvchi va boshqa himoya elementlari yordamida jismonan ajratish rejalashtirilmoqda.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari pilot loyiha natijalaridan kelib chiqib, poytaxtning shunday yechimni qo‘llash mumkin bo‘lgan boshqa ko‘cha va hududlarini ham o‘rganmoqda.
Ta’kidlanishicha, Lutfiy ko‘chasidagi tajriba Toshkentda mikromobillik infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

