Layfstayl

Toshkentda turk kinosi kunlari: mashhur aktyorlar o‘zbekistonlik muxlislar bilan uchrashadi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Turkiya–O‘zbekiston madaniyat va san’at uchrashuvlari doirasida 25–29-sentyabr kunlari poytaxtda

**Toshkentda turk kinosi kunlari: mashhur aktyorlar o‘zbekistonlik muxlislar bilan uchrashadi**

Kino xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, turli madaniyat va tarixni ekran orqali tanishtiradigan san’at turlaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan, Toshkentda o‘tkaziladigan «Turk kinosi kunlari» nafaqat kino ishqibozlari, balki Turkiya madaniyatiga qiziqadiganlar uchun ham alohida madaniy voqeaga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Turkiya–O‘zbekiston madaniyat va san’at uchrashuvlari doirasida 25–29-sentyabr kunlari poytaxtda «Turk kinosi kunlari» tashkil etiladi.

Tadbir Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Kino bosh boshqarmasi ko‘magida O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida o‘tkaziladi. Besh kun davomida tomoshabinlarga turli janrlardagi, kino muxlislari e’tirofiga sazovor bo‘lgan turk filmlari namoyish etiladi. Dasturda filmlar taqdimoti bilan birga, ijodiy uchrashuvlar va Turkiya kino san’atining taniqli vakillari ishtirokidagi tadbirlar ham bor.

Ayniqsa, 25-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan tantanali ochilish marosimi kino muxlislari uchun alohida qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. Unda Turkiya kino va televideniyesining mashhur aktyorlari Engin Altan Dyuzyatan, O‘zge Gyurel, Serkan Chayog‘lu hamda Deniz Barut qizil yo‘lakdan o‘tib, o‘zbekistonlik muxlislar bilan uchrashadi.

Gala-kechada Turkiyaning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini xalqaro tomoshabinlarga tanishtirishga qaratilgan «Kökenlerin Fısıltısı» nomli mini-serial ham namoyish etiladi. Unda bosh rollarni ijro etgan Engin Altan Dyuzyatan va O‘zge Gyurelning tadbirda qatnashishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, TRT telekanalining «Mehmed: Fetihler Sultanı» serialida Fotih Sulton Mehmed obrazini gavdalantirgan Serkan Chayog‘lu hamda «Bak Postacı Geliyor» filmida Gulizar rolini ijro etgan Deniz Barut ham tomoshabinlar bilan uchrashadi.

Kino namoyishlari 26-sentyabr kuni rejissyor Tunch Davutning «Kesilmiş Bir Ağaç Gibi» filmi bilan boshlanadi. Ali Ipin, Feyyoz Duman va Selen Kurtaran bosh rollarni ijro etgan ushbu kartina 99-«Oskar» mukofotining «Eng yaxshi xalqaro film» nominatsiyasida Turkiyaning rasmiy nomzodi sifatida tanlangan.

27-sentyabr kuni rejissyor Yuksel Aksunning «Bak Postacı Geliyor» filmi namoyish etiladi. O‘tgan asrning 1950-yillarida Egey mintaqasidagi kichik shaharchada kechadigan voqealar asosida yaratilgan filmda poshtalon Osmanning Gulizarga yetishish yo‘lidagi kurashi hikoya qilinadi. Bosh rollarni Deniz Barut va Ozan Akbaba ijro etgan.

28-sentyabr kuni esa rejissyorlar Ibrohim Buyukaka va Emrah Agushning «Mutluyuz mu?» filmi tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Filmda bosh rollarni Ibrohim Buyukak va Yasemin Sakalliog‘lu ijro etgan.

«Turk kinosi kunlari» 29-sentyabr kuni rejissyorlar Emre Karayel va Leyla Yamanning «Dedektif Reptır» animatsion filmi namoyishi bilan yakunlanadi. Asarda sirli voqealarga oydinlik kiritishga urinayotgan Detektiv Reptir va uning jamoasi boshidan kechiradigan sarguzashtlar hikoya qilinadi.

Besh kun davomida Toshkent turk kinosi, uning zamonaviy tendensiyalari va taniqli ijodkorlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Mazkur madaniy tadbir O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va madaniy aloqalarni san’at orqali yanada boyitishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.