Toshkentda tezlikni 210 km/soatgacha oshirgan mototsiklchi jarimaga tortildi
Toshkentda tezlik 60 km/soat qilib belgilangan uchastkada 210 km/soat tezlikda harakatlangan mototsiklchining shaxsi aniqlandi. Unga nisbatan BHMning 15 baravari — 6,18 mln so‘m miqdorida jarimani nazarda tutuvchi ma’muriy bayonnoma tuzildi. Mototsikl jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Toshkent shahrida mototsikl boshqargan shaxs belgilangan tezlikni 210 km/soatgacha oshirgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, mototsikl haydovchisi tezlik cheklovi 60 km/soat bo‘lgan yo‘l qismida soatiga 210 km tezlikda harakatlangan.
Avvalroq, ushbu mototsiklchining harakatlari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi. Shundan so‘ng, qidiruv bo‘limi xodimlari haydovchining shaxsini aniqlab, u bilan tushuntirish ishlarini olib bordi.
IIBB huquqbuzar ishtirokidagi videoni ham e’lon qildi. Videoda haydovchi shunday deydi: “Shahar ichida 60 km/soatli joyda 210 km/soat tezlikda harakatlandim. Boshqa takrorlanmaydi. Mendan o‘rnak olib, mototsiklda shunday yurish mumkin deb o‘ylab haydashdan qaytaraman. Chora ko‘rishyapti. Oxiri yaxshilik bilan tugamaydi”.
Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirishi) bilan ma’muriy bayonnoma tuzildi. Ushbu qoidabuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari (6,18 mln so‘m) miqdorida jarima solish nazarda tutilgan.
Mototsikl jarima maydonchasiga joylashtirildi.

