Mahalliy

Toshkentda sport ustasi oiladagi zo‘ravonlikda ayblanib 10 sutkaga qamaldi

Chilonzor tumani sudi farzandlarining ko‘z oldida turmush o‘rtog‘ini kaltaklagan sport ustasi va murabbiyga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Nemolchi.uz loyihasiga ko‘ra, u oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha aybdor deb topildi. Avvalroq ayolga himoya orderi berilgandi.

Toshkentda sport ustasi oiladagi zo‘ravonlikda ayblanib 10 sutkaga qamaldi

29-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi farzandlari ko‘z o‘ngida turmush o‘rtog‘ini kaltaklagan sport ustasi va murabbiyga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Avgust oyida loyihaga murabbiyning rafiqasi eri tomonidan kaltaklangani, o‘zi hamda 3,5 yoshli qizi va bir yoshli o‘g‘lining hayotidan xavotirda ekanini bildirib murojaat yo‘llagandi.

Xabar e’lon qilingach, jabrlanuvchiga ekspertiza uchun yo‘llanma berilgan, ijtimoiy xizmatlar u bilan bog‘lanib, keyingi qo‘llab-quvvatlash uchun ijtimoiy himoya reyestriga kiritgan.

Toshkent shahri IIBB matbuot xizmati oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edi. Biroq yakunda ish ma’muriy tartibda ko‘rib chiqildi: sud-tibbiy ekspertizasi tan jarohatlarini yengil va salomatlikning qisqa muddatga buzilishiga olib kelmagan deb topgan.

Sudda erkak xotinini kaltaklaganini tasdiqladi va boshqa bunday qilmaslikka va’da berib, yengillik berishni so‘radi. Jabrlanuvchi esa unga ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishini so‘ragan.

Sud murabbiyni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi 2-qismi (Oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik) bo‘yicha aybdor deb topib, 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Muddat 29-sentabrdan hisoblanadi. Shuningdek, sud tajovuzkordan qamoqda saqlash xarajatlari uchun 618 ming so‘m undirish haqida qaror chiqargan.

“Birinchi xabar e’lon qilingach, izohlarda o‘nlab odamlar „u bunday odam emas“ deb yozib, erkakni oqlashdi va ayolni tuhmatda ayblashdi. Biroq u sudda xotinini kaltaklaganini o‘zi tan oldi. Tanish-bilishlari uning obro‘sini himoya qilayotgan bir paytda, jabrlanuvchi nafaqat sodir bo‘lgan voqeani boshdan kechirishga, balki o‘z shaxsiga yog‘ilgan ayblovlarga ham javob berishga majbur bo‘ldi”, — deb yozadi Nemolchi.uz loyihasi.

Iyul oyida Toshkentda sud 19 yoshli sportchini zo‘ravonlik targ‘iboti deb topilgan video uchun jarimaga tortgandi.

U mashg‘ulot vaqtida tasvirga olingan videoda kelajakdagi xotini “faqat aniq zarbalarni qabul qilishi” uchun mashq qilayotganini yozgan. Video haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan Nemolchi.uz asoschisi Irina Matviyenko ta’qibga uchragani haqida ma’lum qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.