Toshkentda Shahrisabz ko‘chasining 1,2 km qismida BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi

Toshkentda Shahrisabz ko‘chasining 1,2 km qismida BRT yo‘lagi ishga tushirildi
Toshkent shahrida Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Ushbu bosqich Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shohko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik uchastkani qamrab oladi.
Loyiha doirasida nafaqat yo‘lning asfalt qoplamasi yangilandi, balki katta sig‘imli avtobuslarning muntazam harakati va doimiy yuklamasini inobatga olgan holda yo‘lning ostki konstruksiyasi ham to‘liq qayta qurildi. Ayrim joylarda 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazish ishlari olib borilib, mavjud asos olib tashlandi va yo‘l poydevori qayta shakllantirildi.
Grunt namligi, tuproqning siljishi va keyinchalik cho‘kish xavfini kamaytirish uchun geotekstil qoplamasi yotqizildi. Keyin 35 santimetr qalinlikdagi qum-shag‘al aralashmasi, M-75 markali mustahkamlovchi qatlam, 9 santimetr qalinlikdagi yirik donali asfalt-beton qatlami va yakuniy qoplama sifatida 5 santimetr qalinlikdagi PSHMA-20 yotqizildi.
BRT infratuzilmasi doirasida 6 ta yangi avtobus bekati barpo etilib, jamoat transporti uchun alohida harakat yo‘lagi tashkil qilindi. Yo‘lak umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali jismonan ajratildi. Bu avtobuslarning tirbandlikka kamroq bog‘liq holda harakatlanishi va qatnov oralig‘ining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilish ishlari vaqtida yo‘l harakati to‘liq to‘xtatilmadi. Ishlar markaziy qismdagi tasmalarda bosqichma-bosqich amalga oshirilib, transport vositalarining harakati ko‘chaning ikki yo‘nalishidagi chekka o‘ng tasmalarda saqlab qolindi.
Mazkur 1,2 kilometrli uchastka Shahrisabz ko‘chasida BRT infratuzilmasini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida ko‘chaning qariyb 3 kilometr qismida BRT yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilgan.
Dastlabki bosqichda umumiy uzunligi 16,2 kilometr bo‘lgan BRT yo‘nalishlari Shahrisabz, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Yangi Sergeli ko‘chalarida tashkil etilishi belgilangan.

