Mahalliy

Toshkentda qizamiq keng tarqalgani haqidagi xabarlar rad etildi

Toshkent shahrida va butun mamlakat boʻylab qizamiq kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqarorligi, «xavotirlanishga hech qanday asos yoʻqligi» bildirilgan.

Toshkentda qizamiq keng tarqalgani haqidagi xabarlar inkor etildi

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Toshkent shahrida qizamiq kasalligiga gumon qilingan 290 ta holat qayd etilgani, shuningdek, bemorlar bilan muloqotda boʻlgan 10 ming nafardan ziyod shaxs roʻyxatga olingani haqidagi tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

«Ayni paytda Toshkent shahrida va butun mamlakat boʻylab qizamiq kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror. Xavotirlanishga hech qanday asos yoʻq.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan raqamlar esa 2026-yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida qayd etilgan jamlanma koʻrsatkichdir. Shu bois, mazkur raqamlarni qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki ayni kundagi holat sifatida talqin qilish toʻgʻri emas», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, qizamiq bilan kasallanish koʻrsatkichi 2025-yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.

«Shunday ekan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan maʼlumotlarni notoʻgʻri talqin qilmaslikni soʻraydi», – deyiladi xabarda.

Maʼlumot uchun, joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida Toshkent shahrida rejali emlash doirasida 47 ming 494 nafar 1 yoshli va 42 ming 767 nafar 6 yoshli bola KPK (qizamiq, epidparotit, qizilcha) vaksinasi bilan emlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.