Toshkentda Oʻzbekiston sopolchilik maktablariga bagʻishlangan mural ochildi. Foto

Toshkentda Oʻzbekiston sopolchilik maktablariga bagʻishlangan mural taqdim etildi. Foto
Toshkentda mamlakatning turli hududlari naqshlari hamda milliy keramika tarixi bilan bogʻliq obrazlar uygʻunlashgan «Oʻzbekiston va Ipak yoʻli ramzlari hamda sopolchilik maktablari» murali ochildi. Podrobno.uz muxbiri ochilish marosimida boʻlib, tasvirlarda qanday maʼno yashiringanini aniqladi.
Devoriy tasvir Islom tsivilizatsiyasi markazi roʻparasida joylashtirildi.
Asar muallifi usta Diyor Nazirov boʻldi. Muralda u mamlakatning turli hududlariga xos naqshlar va badiiy motivlarni jamlab, mahalliy sopolchilik maktablarining xilma-xilligini koʻrsatib bergan.
Muralning ochilishi sanʼatshunos Taxmina Mahmudovaning maʼruza-eskursiyasi bilan toʻldirildi. Uning tushuntirishicha, oʻzbek amaliy sanʼatida naqshlar buyumlarni shunchaki bezabgina qolmay, balki muayyan maʼnoni ham anglatadi.
Masalan, koʻzalar va amforalar hayot manbai sifatida suvni, hosildorlik va farovonlikni gavdalantiradi. Anor koʻpincha moʻllik va toʻkin-sochinlik bilan bogʻlanadi, garchi baʼzi talqinlarda u sinovlar va vasvasani anglatishi mumkin boʻlsa-da. Milliy naqshlarning yana bir keng tarqalgan elementi — bodomdir.
Shu bilan birga, muralda nafaqat tarixiy va badiiy motivlarga, balki boshqa tasvirlarga ham oʻrin berilgan. Devoriy tasvirda Kristina Kretova va Zilola Hamidova kitoblarining qahramonlari — Nyodo sichqonchasi va Etya Opaning uychasi ham aks ettirilgan.
Uchrashuvda mintaqaviy sopolchilik maktablari tarixi alohida muhokama qilindi. Ishtirokchilar ishlab chiqarish va turmush tarzidagi oʻzgarishlarga qaramay, bu hunarmandchilik nega Shahrisabz, Gʻijduvon, Rishton va Fargʻonada saqlanib qolgani haqida gapirishdi.
Sabablardan biri sifatida bu markazlarning yirik shaharlardan uzoqda joylashgani koʻrsatildi. Sanoatlashtirish davrida fabrika tovarlari mahalliy ustalar mahsulotlari bilan raqobatni kuchaytirgan boʻlsa, nisbatan kichik va uzoqroq aholi punktlarida anʼanaviy ishlab chiqarish bu taʼsirga kamroq ushiragan.
Oʻzbek hunarmandchiligining rivojlanishiga boshqa tarixiy omillar, jumladan, mintaqaning Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgani, aholining oʻtroq turmush tarzi va Amir Temurning harbiy yurishlari ham taʼsir koʻrsatgan.
Sopolchilik maktablari tarixi turli davrlar va mahalliy xususiyatlar taʼsirida shakllangan. Diyor Nazirov muralda oʻziga xos naqshlar va ramzlarni birlashtirib, devorni oʻzbek keramikasining badiiy tarixiga aylantirdi.
Oldinroq Toshkentda koinot mavzusidagi mural ham paydo boʻlgan edi. Uzcosmos agentligi xabar berishicha, devoriy tasvir Koinotga va insonning Yerdan tashqaridagi olamga boʻlgan qiziqishiga bagʻishlangan.

