Mahalliy

Toshkentda maktablar va turar joy binolari hovlilarida mikrooʻrmonlar paydo boʻladi

Toshkentda maktablar va turar joy binolari hovlilarida mikrooʻrmonlar paydo boʻladi

Toshkentda turar joy binolari orasida, maktablar va bolalar bogʻchalari yonida mikrooʻrmonlar ekish boshlanadi, poytaxt tumanlarida esa salqin sayr koʻchalari va yangi bogʻlar paydo boʻladi. Kochatlarni ekishning kuzgi mavsumi 10 noyabrda boshlanadi, bunda har bir tuman uchun alohida koʻkalamzorlashtirish dasturi tayyorlanadi.

Ushbu chora-tadbirlar "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Toshkent shahar hokimining qarori bilan mustahkamlab qoʻyildi. Yangi ekishlardan tashqari, hujjatda daraxtlarni parvarish qilishdagi oʻzgarishlar, ariq va kanallarni tozalash, shuningdek, aholining mahallalarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.

Tolaqonli bogʻ barpo etish imkoni boʻlmagan kichik hududlarda mikrooʻrmonlar yaratish yoʻnalishlardan biriga aylanadi. Ularni koʻp qavatli uylar orasida, maktab va bolalar bogʻchalari hovlilarida, shuningdek, boʻsh yer maydoni cheklangan mahallalarda joylashtirish rejalashtirilmoqda.

Mikrooʻrmonlar uchun 200 dan 1 000 kvadrat metrgacha boʻlgan maydonlar ajratiladi. Har bir kvadrat metrga kamida ikkitadan daraxt va buta koʻchatlarini ekish koʻzda tutilmoqda. Yer beton yoki asfalt bilan qoplangan va ekish uchun maydon ajratishning imkoni boʻlmagan joylarda oʻsimliklar katta tuvak (vazon)larga joylashtiriladi, hudud esa kichik jamoat bogʻi shaklida bezatiladi.

Kuzgi ekish mavsumiga tayyorgarlik oldindan boshlanishi kerak. Ishlarning oʻzi 2026 yil 10 noyabrda boshlanadi. Ushbu muddatgacha tuproqni tayyorlash, sugʻorish tizimlarini tartibga keltirish va boshqa agrotexnik tadbirlarni bajarish zarur.

Bir vaqtning oʻzida poytaxtda ariqlar, kollektorlar va kanallarning holati bilan shugʻullaniladi. 1 oktyabrda boshlangan ikki oylik tozalik kampaniyasi doirasida ular chiqindilardan tozalanadi, hududlarni mavsumiy yogʻingarchiliklarga tayyorlash uchun alohida uchastkalarda taʼmirlash ishlari olib boriladi.

Oʻzgarishlar allaqachon oʻsayotgan daraxtlarni parvarish qilishga ham taalluqli boʻladi. Toshkentda kompostlash va mulchalashni joriy etish rejalashtirilmoqda: maydalangan shoxlar va boshqa organik materiallar daraxtlar atrofidagi ochiq tuproqni parvarish qilish uchun ishlatiladi.

Bundan tashqari, 2027 yil 1 yanvardan boshlab "Yashil mahalla" loyihasi doirasida "Mahallani koʻkalamzorlashtirish" paketi va "Yashil lot" tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Ular aholining yashil hududlarni yaratish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashi hamda ularni koʻchatlarni ekish va keyinchalik parvarish qilishga jalb etishi kerak.

Yangi yashil hududlar va obodonlashtirish ishlari aynan qayerda zarurligini aniqlash uchun poytaxtning har bir tumani boʻyicha alohida dastur tayyorlanadi. Buni 1 noyabrgacha bajarish kerak. Dasturlarda bogʻlar va salqin sayr koʻchalarini yaratish, suv tejovchi sugʻorish tizimlarini oʻrnatish va daraxtlarni parvarish qilish uchun aniq obʼyektlar, muddatlar, moliyalashtirish va masʼullar koʻrsatiladi.

Endilikda koʻkalamzorlashtirish samaradorligini ekilgan daraxtlar soni boʻyicha emas, balki bir yil, uch yil va besh yildan keyin ularning saqlanib qolgani boʻyicha baholash taklif etilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.