Mahalliy

Toshkentda Lacetti bilan to‘qnashgan 21 yoshli skuter haydovchisi vafot etdi

Yunusobod tumanida Lacetti va skuter ishtirokidagi YTH oqibatida 21 yoshli yigit shifoxonada vafot etdi. Ma’lum bo‘lishicha, u Toshkentga to‘rt oy oldin kelib, yetkazib berish xizmatida ishlab kelgan. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi.

Toshkentda Lacetti bilan to‘qnashuv oqibatida 21 yoshli skuter haydovchisi halok bo‘ldi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 11-avgust kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi natijasida jarohat olgan skuter haydovchisi shifoxonada vafot etdi. Bu haqda “Milliy” telekanalining “Millar” dasturida ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan haydovchi Lacetti rusumli avtomobilni boshqarayotganida, 2003-yilda tug‘ilgan yigit boshqaruvidagi elektrovelosiped (skuter) bilan to‘qnashgan. YTH oqibatida og‘ir tan jarohatlari olgan skuter haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Marhumning otasi o‘g‘li komada bo‘lgan vaqtda shunday degan: “O‘g‘lim uchinchi farzandim, uch oy oldin Toshkentga kelgandi. Avvaliga kunlik ishlarda ishladi, keyin “dostavka”ga chiqdi… Avtohalokat bo‘lganini eshitdim va tuni bilan uxlay olmay, Toshkentga yo‘l oldim. Shifokor ichkariga kiritib, o‘g‘limning ahvoli juda og‘irligini aytdi. U hushida emas, komada edi. Uni bu ahvolda ko‘rib, chiday olmay yig‘lab yubordim… Oxirgi marta o‘g‘limni ikki oy oldin uyga kelganida ko‘rgandim. Falokat ekan, haydovchi ham atay qilmagan”.

Ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam va o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotiga qaramay, bemor 15-avgust kuni koma holatidan chiqa olmasdan, shifoxonada vafot etdi.

Mazkur holat yuzasidan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Yo‘l harakati xavfsizligi yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.