Toshkentda kanalga tushib ketgan 13 yoshli bolani restoran xodimlari qutqarib qoldi
Toshkent shahri Olmazor tumanida 13 yoshli bola suvga tushgan koptokni olish uchun quvur ustiga chiqib, kanalga tushib ketdi. Uni suv bo‘yidagi restoran xodimlari qutqarib qoldi. Voqeadan so‘ng u shifoxonaga olib borildi, hozirgi ahvoli yaxshi. Bolani qutqarganlarni taqdirlash rejalashtirilmoqda.

Toshkentda kanalga tushib ketgan 13 yoshli bolani restoran xodimlari qutqarib qolishdi
Toshkent shahri Olmazor tumanida 13 yoshli bola suvga tushib ketgan koptokni olish uchun quvur ustiga chiqib, kanalga yiqilib tushdi. Uni suv oqimida olib ketayotgan paytda suv bo‘yidagi restoran xodimlari qutqarib qolishdi.
Poytaxt FVBB ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Olmazor tumanidagi suv bo‘yida joylashgan mahallalardan birida yuz bergan. Bolalar stadion yaqinida to‘p o‘ynayotgan paytda to‘p suvga tushib ketgan. 13 yoshli bola uni olish uchun katta quvur ustiga chiqqan va shu zahoti suvga tushib ketgan.
Bola kuchli oqimda oqib ketayotganini suv bo‘yidagi restoran xodimlari payqab qolgan. Xodimlardan biri uning ortidan suvga sakragan, keyin uning ustozi ham yordamga tushgan. Ular bolaga yetib olishga urinayotganida avval bir daraxtni, keyin boshqasini ushlashgan, ammo daraxtlar sinib ketgan. Shundan so‘ng ular suvda oqib kelayotgan singan daraxtga tayanib, bolani qirg‘oqqa olib chiqishgan.
“Odamlar yuqoridan ham bolani qutqarishga uringan, cho‘p uzatishgan. Lekin oqim o‘rtada juda tez edi. Suvga tushganimda bola talpinib, ustimga chiqib oldi, meni ham qariyb cho‘ktirib qo‘ydi”, — dedi restoran xodimi.
Bolaning aytishicha, u ko‘prik ostida oqib ketayotganda juda qo‘rqib ketgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik ostida suv sathi bilan ko‘prik orasida deyarli joy qolmagan va nafas olishi qiyinlashgan. Keyin yorug‘likni ko‘rib, boshini suvdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
“Hammasi tugadi, deb o‘yladim. Keyin yorug‘lik ko‘rindi va darhol boshimni suvdan chiqardim. Ikki kishi suvga tushdi, yana uch kishi yuqoridan tortib chiqardi. Koptok yoki boshqa narsa suvga tushsa, oqib ketaversin. Odamning hayotidan qimmat narsa yo‘q. Meni qutqarganlari uchun rahmat”, — dedi u.
FVBB vakili bolaning hozirgi ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qildi. Voqeadan so‘ng u shifoxonaga olib borilgan va tibbiy nazorat ostida. Uning aytishicha, bola o‘z vaqtida suvdan chiqarib olinmaganida, oqim uni GES tomon olib ketishi va hayotini saqlab qolish juda qiyin bo‘lishi mumkin edi.
FVBB ma’lumotiga ko‘ra, bolani qutqargan ofitsiantni taqdirlash rejalashtirilmoqda.
Bolaga post-patrul xizmati inspektori va bir erkak yordamga kelib, uni suvdan olib chiqqan.

