Toshkentda IMTECH 2026 xalqaro forumi boʻlib oʻtadi
SAYS koʻrgazma kompaniyasi «Innovatsion materiallar va texnologiyalar» forumi 2026 yilning 9–11 dekabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtishini maʼlum qildi.

Toshkentda IMTECH 2026 xalqaro forumi boʻlib oʻtadi
«Innovatsion materiallar va texnologiyalar» xalqaro forumi — IMTECH 2026 — 2026 yilning 9-11 dekabr kunlari Toshkentda, CAEx (Central Asian Expo Uzbekistan) xalqaro koʻrgazma markazi maydonida boʻlib oʻtadi.
Tadbir tashkilotchilari SAYS koʻrgazma kompaniyasi (Oʻzbekiston) va «Mir-Ekspo» koʻrgazma kompaniyasi (Rossiya) hisoblanadi.
Forum tarkibiga toʻrtta ixtisoslashtirilgan koʻrgazma ekspozitsiyasi kiradi: sanoat kimyosiga bagʻishlangan ChemTech, kompozit va muhandislik materiallariga bagʻishlangan CompositeTech, yelim texnologiyalari va germetizatsiyalovchi materiallarga bagʻishlangan AdhesiveTech, shuningdek, shisha texnologiyalari va meʼmoriy shishaga bagʻishlangan GlassTech.
IMTECH turli mamlakatlardan ishlab chiqaruvchilar, uskunalar yetkazib beruvchilar, texnologiya ishlab chiquvchilar, ilmiy tashkilotlar, investorlar va sanoat korxonalarini birlashtiruvchi xalqaro tarmoq platformasi sifatida loyihalashtirilgan. Forum xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan.
Forumning ishbilarmonlik dasturidan tarmoq konferentsiyalari, panel munozaralari, innovatsion loyihalar taqdimotlari, B2B muzokaralari hamda biznes, davlat tuzilmalari, tarmoq uyushmalari va xalqaro tashkilotlar vakillarining uchrashuvlari oʻrin olgan.
Tashkilotchilar IMTECH 2026 koʻrgazmasini zamonaviy materiallar, kimyoviy texnologiyalar, kompozit materiallar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirishni birlashtirgan Markaziy Osiyodagi eng yirik ixtisoslashtirilgan maydon deb atamoqda.
Kimyo, qurilish va ishlab chiqarish tarmoqlaridan xomashyo, uskunalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, tarmoq uyushmalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va injiniring kompaniyalari ishtirok etishi kutilmoqda.

